Masalan,  joriy yil 14 mart kuni Afg'onistonda ingliz tilida chop etiladigan «The Kabul Times» gazetasi sahifasida bosilib chiqqan «O'zbek paxtasiga qo'yilgan global boykot olib tashlandi» sarlavhali maqolada  “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi o'zbek paxtasi va to'qimachilik sanoati mahsulotlariga nisbatan joriy etilgan boykot tugatilganini e'lon qilgani bilan bog'liq tafsilotlar gazetxonlar e'tiboriga havola qilindi.

Unda, jumladan, “yaqinda “Cotton Campaign” xalqaro koalitsiyasi rahbari Bennet Friman rahbarligidagi delegatsiya O'zbekistonga tashrif buyurib, o'zbek paxtasi va to'qimachilik sanoati mahsulotlariga nisbatan joriy etilgan boykot olib tashlanganini bildirdi”, deb yozadi «The Kabul Times».

Nashr O'zbekistonda paxta yig'im-terimidagi majburiy va bolalar mehnatiga barham berilgani hamda bu yo'nalishda e'tiborga molik yangi islohotlar amalga oshirilayotgani boykotni olib tashlashga zamin bo'lganini ma'lum qilgan.

Maqolada o'zbek paxtasidan boykotning olib tashlanishi, birinchi navbatda, to'qimachilik sanoatida faoliyat ko'rsatadigan dunyoning etakchi korxonalari O'zbekiston bozoriga kirib kelishi uchun imkon yaratgani, shuningdek, paxta sanoati sohasida ko'plab ish o'rinlari yaratilib, aholining bandligi darajasining oshirilishiga xizmat qilishi ham alohida ta'kidlangan.