Tadbirda X.Xasilov “Termiz – Mozori-Sharif – Qobul – Peshovar” temir yoʻlini qurilishi mintaqa davlatlari, xususan, Markaziy Osiyo hamda Afgʻoniston mamlakati uchun yirik istiqbolli, iqtisodiy jihatdan katta foyda boʻladigan loyiha ekanligini taʼkidlab, tezroq ushbu qurilishni amalga oshirish va bu yoʻnalishda yuk tashishni taʼminlab, Oʻzbekiston doxil qoʻshni davlatlarni temir yoʻl orqali Pokiston bandargohlariga chiqishini amalga oshirish zarurligini qayd etdi. Shu bilan birga Afgʻoniston uchun ham keng qamrovda tranzit imkoniyatlarini yaratib, ushbu mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga, xususan, temir yoʻllarini tez orada taraqqiy etib ketishiga sabab boʻlishini taʼkidladi. Buning uchun “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yaqin qoʻshnimiz boʻlgan Afgʻoniston temir yoʻllariga zarur boʻladigan barcha yordamlarni berishga tayyorligini aytib oʻtdi.

Oʻz oʻrnida Afgʻoniston temir yoʻllari bosh direktori Baxt Ul-Raxmon Sharofat ham X.Xasilovga qabul uchun samimiy minnatdorchilik bildirib, yaqin qoʻshni va birodar xalq boʻlgan Oʻzbekiston bilan Afgʻoniston aloqalari har tomonlama ishonchli rivojlanayotganidan mamnun ekanligini aytib oʻtdi. Bu ayniqsa, transport-kommunikatsiya tizimidagi uzoq yillik ishonchli hamkorlik yanada rivojlanishiga katta umid bildirdi.

Uchrashuvda shuningdek, Afgʻoniston temir yoʻllari rahbari afgʻonistonlik yoshlarni Oʻzbekistonda tahsil olishini yanada koʻpaytirishda hamkorlikni rivojlantirish zarurligini ham aytib oʻtdi, deb xabar beradi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xizmati.

Maʼlumki, Afgʻonistonda dastlabki temir yoʻl liniyasining foydalanishga topshirilishi 2011-yilga toʻgʻri keladi. Shunda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan qoʻshni davlatda 75 kilometrlik “Hayraton – Mozori-Sharif” temir yoʻl uchastkasi qurib berilgan edi. Bugungi kunda ushbu uchastkani ekspluatatsiya qilish ishlari “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyatining “Sogdiana Trans” shoʻba korxonasi mutaxassislari tomonidan xizmat koʻrsatilyapti.