Afgʻoniston, Tojikiston va Qirgʻizistondan keltirilgan 47,2 kg narkotik modda musodara qilindi

    Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

    Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida yashovchi, 1971, 1974, 1985-yillarda tugʻilgan 3 nafar fuqaro Tojikiston Respublikasidan 10 kg. 50 gr. “opiy” va 10 kg. 29 gr. “gashish” moddalarini kontrabanda yoʻli bilan olib oʻtgan vaqtlarida DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari tomonidan qoʻlga olindi.

    DXX Surxondaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, narkokurerlar tomonidan Afgʻonistondan olib kelinib, Muzrabot tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 1 kg. 953 gr. “opiy” va 4 kg. 116 gr. “gashish” moddalarini qabul qilib olgan vaqtida Termiz shahrida yashovchi, 1981-y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxs ushlandi.

    Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu narkotik moddalarni Termiz shahrida qabul qilib olgan vaqtida 1976-y.t. Qozogʻiston Respublikasi fuqarosi ushlandi.

    Termiz tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, muqaddam narkokurerlar tomonidan xufiya joyga qoldirib ketilgan 922 gr. “opiy” va 4 kg. 203 gr. “gashish” moddalarini olib, doimiy yashash manziliga ketmoqchi boʻlgan vaqtida Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi, 1977-y.t. fuqaro ushlandi.

    Mazkur shaxs ushbu ajal ogʻusining har bir kilogrammini afgʻonistonlik narkosavdogarlardan 2300 AQSH dollaridan sotib olgan.

    Sariosiyo tumanida qayd etilgan holatda, Denov tumanida yashovchi, 1968-y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan fuqaro toʻxtatilib tekshirilganda, uning yonida 4 kg. 80 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Maʼlum boʻlishicha, ushbu giyohvandlik vositasi Tojikiston Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali olib kelingan.

    Bu yoʻnalishda DXX Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari ham tezkor tadbirlar oʻtkazishdi.Xususan, Qoʻqon shahrida yashovchi, 1979-y.t. shaxs boshqaruvidagi “Jentra” rusumli avtomashina toʻxtatilib tekshirilganda, uning salon qismida 975 gr. “opiy” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

    Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, uning yashash xonadonidan ham 789 gr. “opiy” hamda 5 kg. 239 gr. “gashish” moddalari olindi.

    Aniqlanishicha, mazkur fuqaro tojikistonlik narkosavdogarlar tomonidan yuborilgan ushbu zahri qotilni Qoʻqon shahrida sotishni rejalashtirgan.

    Boshqa holatda esa muqaddam qirgʻizistonlik narkokurerlar tomonidan Quvasoy shahri hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 4 kg. 922 gr. “gashish” moddasini olib, doimiy yashash manziliga ketayotgan vaqtida Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi, 1998-y.t. fuqaro ushlandi.

    Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.