Oʻzbekiston-Afgʻoniston oʻrtasida 2026-yil uchun elektr energiyasini yetkazib berish boʻyicha yangi shartnoma imzolandi

    Shu yilning 17-noyabr kuni Toshkentda Energetika vaziri Joʻrabek Mirzamahmudov va Afgʻonistonning “DABS” kompaniyasi bosh direktori Abdul Bori Umar boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Uchrashuvda shuningdek, Oʻzbekiston energetika kompaniyalari rahbariyati va masʼullari ishtirok etdi.

    Uchrashuvda joriy yilning sentyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasidagi hamda kuni kecha Toshkentda boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqlarida qoʻshni Afgʻoniston xalqi farovonligi va iqtisodiyotining rivoji haqidagi tashabbuslari ikki davlat hamkorligini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi.

    Bu borada Oʻzbekiston-Afgʻoniston oʻrtasida energetika sohasida ham yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, Afgʻoniston hududida qurilayotgan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarining joriy holati hamda ushbu ishlarni yanada jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

    Uchrashuv soʻnggida 2026-yil uchun elektr energiyasini yetkazib berish boʻyicha tegishli shartnoma imzolandi.