Aholi bandligi va daromadini ta'minlash, odamlarning turmush sharoitini yanada yaxshilash, iqtisodiy barqarorlikni saqlashda qishloq xo'jaligi katta imkoniyatga egaligi yaxshi ma'lum. Shu bois, agrar tarmoqning barcha yo'nalishlarini moliyalashtirish, ichki bozorda narx barqarorligini ta'minlash, yuqori qo'shilgan qiymat zanjirini yaratish, sohani mexanizatsiyalash, mahsulot yetishtirish, xarid qilish va sotishda bozor tamoyillarini keng joriy etishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Binobarin, mamlakatimizda bu borada ichki talabni to'liq ta'minlash bilan birga, eksportni oshirish uchun ham etarli imkoniyatlar bor. So'nggi yillarda sohaga doir ko'plab hujjatlar qabul qilinib, aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini ta'minlash, ularga yangi ish o'rinlari yaratish uchun barcha masalalar hal qilib berilyapti. Natijada keyingi paytda erga munosabat tubdan o'zgardi, sohada ish o'rinlari yaratish imkoniyati kengaydi, hosildorlik ortdi.

Hayotga tatbiq etilayotgan islohotlardan ko'zlangan bosh maqsad ham ekinlardan olinadigan daromadni keskin ko'paytirish, ishsiz, “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga er ajratish orqali ularning bandligini ta'minlash, qishloq ahlining turmush sharoitini yanada yaxshilashdan iborat. Binobarin, hozirgi kunda sohani jadal rivojlantirish, lalmi va yaylov erlarni foydalanishga kiritish bilan doimiy va mavsumiy ish o'rinlari yaratish imkoniyati mavjud.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 26-fevral kuni imzolangan “O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo'jaligini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash jamg'armasi faoliyatini tubdan takomillashtirish to'g'risida”gi farmoni, shubhasiz, agrar sohaning barcha tarmoqlarini moliyalashtirishga qaratilgan muhim huquqiy asos bo'ldi.

Unga binoan, Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo'jaligini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash jamg'armasi faoliyati yangi bosqichga ko'tariladi. Agrotexnik tadbirlarni, jumladan, kuzgi shudgorlash va ekin maydonlariga mineral o'g'itlarni solishni o'z vaqtida ta'minlash maqsadida 2022 yil hosilidan boshlab, paxta xomashyosini etishtirish xarajatlarini moliyalashtirish tegishli moliya yilidan oldingisining 1-noyabridan boshlanadi.

Paxta yig'im-terimi uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar bo'yicha foiz stavkasining bir qismini qoplash uchun kompensatsiya to'lash jamg'arma hisobidan amalga oshiriladi. Bunda milliy valyutada ajratiladigan tijorat kreditlari bo'yicha foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 10 foiz punktidan ko'p bo'lmagan qismini, xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlar bo'yicha tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, ammo 3 foiz punktidan ko'p bo'lmagan qismini qoplash uchun kompensatsiya kreditning dastlabki 9 oyi uchun to'lanadi.

SHuningdek, sabzavot etishtirish faoliyatini qo'llab-quvvatlash maqsadida 2021-yilda sabzavotchilik klasterlari, fermer xo'jaliklari va boshqa sabzavot yetishtiruvchilarga tijorat banklari tomonidan 9 oy muddatga yillik foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasida etishtiriladigan sabzavot qiymatining 40 foizigacha miqdorda kredit ajratilishi belgilandi.

Sabzavot etishtirish xarajatlarini kreditlash uchun esa Jamg'arma tomonidan 9 oy muddatga yillik foiz stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasidan ikki foiz punkt kamaytirgan holda, tijorat banklariga joylashtiriladi. Agar tijorat banki tomonidan kreditlar bitimda belgilangan muddatda qaytarilmasa, kreditlarning qaytarilmagan qismiga foizlar Markaziy bankning asosiy stavkasiga 6 foiz punkt qo'shib hisoblanadi.

Mazkur hujjatning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, unga ko'ra 2022-yil hosilidan boshlab, asosiy maydonlarda sabzavot etishtirish uchun ajratiladigan tijorat kreditlari bo'yicha foiz stavkasining Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan qismi uchun kompensatsiya to'lash tizimi joriy etilmoqda.

e'tiborli jihati, farmoni bilan paxta xomashyosi va bug'doy etishtirish xarajatlarini moliyalashtirish, asosiy maydonlarda ekiladigan sabzavot mahsulotlari parvarvarishini moliyaviy qo'llab-quvvatlash, ichki bozorda don va non mahsulotlari narxlari barqarorligini ta'minlash uchun zarur bug'doyni bozor narxlarida xarid qilish va birja savdolariga qo'yish va boshqa shu kabi yo'nalishlar jamg'armaning asosiy vazifalari etib belgilandi.

Jalb qilingan chet el kreditlari bo'yicha valyutaning ayirboshlash kursining o'zgarishi natijasida yuzaga keladigan zararni qoplash uchun respublika byudjetidan ajratilgan mablag'lar, jalb etiladigan kreditlar, shu jumladan, chet el kreditlari va investitsiyalar, xalqaro moliya institutlari grantlari va donor tashkilotlarining mablag'lari, shuningdek, jamg'armaning tijorat banklariga depozitga joylashtirishdan tushadigan daromadlari esa jamg'arma mablag'larini shakllantirishning asosiy manbalari hisoblanadi.

Xulosa o'rnida aytganda, qishloq xo'jaligi sohasidagi islohotlarning asosiy maqsadi – kooperatsiya va klaster tizimi asosida mahsulot etishtirish, uni qayta ishlash, saqlash va ichki hamda tashqi bozorlarga sotish, eng muhimi, ish o'rinlari tashkil etish, aholi bandligini ta'minlash va daromadini oshirishdir. Demak, mazkur farmonda qo'yilgan vazifalarning o'z vaqtida ijro etilishida mutasaddi idoralar bilan bir qatorda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi  va mahalliy kengashlar deputatlari ham birdek mas'ul bo'lishimiz kerak.

Botirbek TO'RAZODA,

Oliy Majlis Qonunchilik

palatasining Agrar va suv xo'jaligi

masalalari qo'mitasi a'zosi