Tadbir Oʻzbekistonda har yili 30-iyunda keng nishonlanadigan “Yoshlar kuni”ga bagʻishlandi. Unda yoshlarning taʼlim olishi, ilgʻor texnologiya va xorij tajribasining oʻquv jarayoniga joriy etilishiga koʻmaklashish FAO va Toshkent Davlat Agrar Universiteti oʻrtasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekani taʼkidlab oʻtildi.
Jihozlarni xarid qilish va topshirish “Markaziy Osiyo va Turkiyaning qurgʻoqchil va shoʻrlangan qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarish landshaftlarida tabiiy resurslarni kompleks boshqarish” mintaqaviy loyihasi doirasida amalga oshirildi. Toʻplam fotometr, gigrometr, maʼlumotlarni saqlash uchun planshet, GPS jihozlari, tuproqning zichligi va namligini oʻlchovchi asboblar, pH-metr, tuproqning shoʻrlanish darajasini oʻlchash moslamasi va boshqalarni oʻz ichiga oladi. Universitet ilmiy xodimlari ularning yordamida oʻquv va ilmiy maqsadlar uchun tuproqlar tahlilini amalga oshiradilar.
Xususan, tuproqshunoslik, agroximiya va agronomiya yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim olayotgan talabalar dala va laboratoriya sharoitida tuproq tahlilini amalga oshirishning oʻziga xos xususiyatlari bilan amaliyotda tanishish hamda yangi jihozlardan foydalanish boʻyicha amaliy koʻnikmalarni egallash imkoniyatiga ega boʻladilar. Bundan tashqari, olingan natijalar ilmiy-tadqiqot ishlarida ham oʻz aksini topadi.
— Ayni vaqtda yer resurslarini barqaror boshqarish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijalarini oʻz vaqtida va sifatli baholash hamda qishloq xoʻjaligi yerlarining holatini yana-da yaxshilash boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega boʻlib qolmoqda. Zamonaviy jihozlarning tuproq laboratoriyasida qoʻllanilishi amalga oshiriladigan tahlillar sifatini yaxshilaydi va buning uchun sarflanadigan vaqtni qisqartiradi, — deya taʼkidladi loyihaning milliy boshqaruvchisi Muhammadjon Qosimov.
FAOning Oʻzbekistondagi vakili oʻrinbosari Sherzod Umarov esa Toshkent Davlat Agrar Universiteti bilan hamkorlik muhimligini taʼkidlab, topshirilayotgan jihozlar faqatgina oʻquv jarayonini amalga oshirishda yordam berib qolmasdan, ilmiy izlanishlar olib borish va qishloq xoʻjaligiga zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga ham asos boʻlishiga umid bildirdi.
Tadbirda universitet va FAO oʻrtasidagi hamkorlik 2001-yilda Oʻzbekistonning FAO ga aʼzo boʻlganidan buyon rivojlanib kelayotganligi va 2014-yilda Oʻzbekistonda FAO vakolatxonasining ochilishidan soʻng bu jarayon yana-da jadallashgani qayd etildi. Shu vaqt davomida Oʻzbekistonda agrosanoat sohasi uchun ilgʻor xorij tajribasi asosida yuqori malakali xodimlarni tayyorlashga qaratilgan koʻplab qoʻshma loyihalar amalga oshirildi.