Ular doim mahsulotlarimizga xaridor. Ammo bizda mahsulotlarni uzluksiz yetkazib berish mexanizmi yoʻlga qoʻyilmagani, aksariyat qishloq xoʻjalik mahsulotlari mavsumiy yetishtirilgani sabab chet davlatlardan doimiy importyorlarni topishda muammolar ham boʻladi. Ana shu masalaning yechimi sifatida davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan joriy yil boshida “Uzagrostar xolding” kompaniyasi ish boshladi.
Poytaxtimizda mazkur kompaniya hamda “Biznesni rivojlantirish banki” ATB hamkorligida oʻtkazilgan “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining milliy brendini yaratish: eksport salohiyatini oshirishda yangi bosqich” mavzusida oʻtkazilgan matbuot anjumanida “Uzagrostar xolding” kompaniyasining oʻtgan qisqa vaqtdagi faoliyati natijalari tahlil qilindi.
— Kompaniyaning asosiy vazifasi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining milliy brendini yaratish va eksportini rivojlantirish hisoblanadi, — deydi “Uzagrostar xolding” kompaniyasi direktori Fazliddin Muhiddinov. — Buning uchun fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari bilan yaqin hamkorlik oʻrnatilmoqda. Kompaniya ularga tuproq tahlilidan tortib, eksportgacha boʻlgan barcha jarayonlarda yaqindan koʻmak beradi. Xolding muassisligida 16 ta ixtisoslashgan kompaniya tashkil etilgan boʻlib, har bir filial maʼlum qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga ixtisoslashgan va ular 16 ta bazaviy hamda 54 ta qamrab olingan tumanlarda faoliyat olib bormoqda.
Oʻtgan davr mobaynida hududiy filiallarga biriktirilgan tumanlarda 101 ming gektar yer maydonida ixtisoslashgan mahsulotlar ekilishi taʼminlandi. 16 ta agrostar kompaniyalari tomonidan 693 gektar yer maydonida qiymati 608 milliard soʻmlik 20 ta zamonaviy innovatsion loyiha amalga oshirilishi belgilab olingan. Hozirda 8 ta loyihani amalga oshirish ishlari boshlangan.
Loyihalarning koʻlami ham, qiymati ham katta. Ularda qishloq xoʻjalik mahsulotlarini zamonaviy, inson omilisiz, eng soʻnggi texnologiyalar yordamida yetishtirishga eʼtibor qaratilmoqda. Asosan organik mahsulotlar yetishtiriladi. Bunday mahsulotlarning jahon bozorida xaridori koʻp, daromadi ham katta.
Shuningdek, agrostar kompaniyalar tomonidan bazaviy va qamrab olingan tumanlarda “Tomorqa maktab”lari faoliyati tashkil etilmoqda. Jumladan, 7 ta ixtisoslashgan kompaniya va loyiha ofislarida “Tomorqa maktab”lari faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Bu yerda tomorqa yer egalari, dehqonlar mahalliy va xorijlik mutaxassislar tomonidan oʻqitiladi.
Matbuot anjumanida “Biznesni rivojlantirish banki” ATBga biriktirilgan “Yangiyoʻl — Agrostar” MCHJ faoliyatini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va ularning dastlabki amaliy natijalari haqida ham axborot berildi.
Tadbir davomida jurnalistlar va jamoatchilik vakillari oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri