Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda barcha sohalar kabi soliq-bojxona qonunchiligining takomillashtirilishi natijasida jismoniy va yuridik shaxslarning faoliyatini kengaytirilishiga, ular uchun zarur sharoitlar hamda imkoniyatlar yaratilishiga erishildi.

Aholi va tadbirkorlarga qoʻshimcha imtiyozlar berish maqsadida mazkur Soliq hamda Bojxona kodekslariga tegishli oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilyapti.

Xususan, mobil aloqa xizmatlari uchun aksiz soligʻi stavkasi tushirilyapti, farzandlariga nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablar koʻrsatadigan taʼlimga oid xizmatlar uchun ota-onalar (farzandlikka oluvchilar) tomonidan toʻlanadigan oyiga 3 million soʻmgacha boʻlgan toʻlovlar daromad soligʻidan ozod etilyapti.

Bundan tashqari, talabalarning oliy taʼlim muassasalari hududida tashkil etgan pullik oʻquv kurslari, sport toʻgaraklari va boshqa taʼlim xizmatlarni koʻrsatishdan olingan daromadlari, nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarning, shu jumladan, davlat-xususiy sherikchiligidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarning qonunchilikda belgilangan ayrim turdagi xarajatlari jami daromadlar tarkibiga kiritilmasligi belgilanyapti.

Shu bilan birga, belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha tibbiyot asbob-uskunalari va buyumlarining ehtiyot qismlari hamda tibbiyot maqsadlari uchun sarflash materiallari importi qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinyapti.

Chakana savdo va umumiy ovqatlanish, mehmonxona, avtotransportda yoʻlovchi va yuk tashish, transport vositalariga texnik xizmat koʻrsatish, kompyuter xizmatlari, maishiy texnikani taʼmirlash, agro va veterinariya hamda koʻngilochar markazlarda xizmat koʻrsatuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun ijtimoiy soliqning 1 foizlik stavkasi qoʻllanilyapti.

Majlisda senatorlar tomonidan tadbirkorlik subyektlariga vaqtinchalik soliq imtiyozlarining berilishi orqali xizmatlar, turizm, kapital bozor va tibbiyot sohalarini rivojlantirishga, yangi ish oʻrinlari yaratilishi hamda aholi bandligini taʼminlashga erishilishi taʼkidlandi.

Shuningdek, Qonunning qabul qilinishi natijasida soliq-bojxona tizimining takomillashtirilishi, tadbirkorlik muhitining yaxshilanishi, natijada aholi daromadlarining oshishiga erishiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.