Qarorga koʻra, 2021-yil 15-iyundan birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalarida dori va tibbiy buyumlar uchun biriktirilgan aholi jon boshiga ajratilgan mablagʻ miqdori oʻrtacha 3 baravarga oshiriladi.
Buning uchun 2021-yil investitsiya loyihalarini maqbullashtirish hisobidan 165 milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratiladi.
Qarorga muvofiq, barcha sogʻliqni saqlash tizimi tashkilotlari rahbarlari faoliyatini baholash reytingi joriy etilib, har chorakda natijalar Prezident Administratsiyasi va Hukumatga kiritib boriladi.
2021-yil 1-oktyabrga qadar joylarda, ayniqsa olis va chekka hududlarda aholini manzilli profilaktika va skrining qilish ishlarini tashkil etish uchun zarur uskunalar bilan jihozlangan maxsus avtobuslarning kamida 3 ta tajriba namunasi yaratiladi.
2021-yil 1-iyuldan ish staji 5 yil boʻlmagan oliy maʼlumotli tibbiyot xodimlarini nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bogʻliq talablar davlat tibbiyot muassasalariga tenglashtiriladi.
Shuningdek, 2021–2022-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari filiallari (91 ta) tashkil etiladi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablarda toʻgʻri ovqatlanishni yoʻlga qoʻyish maqsadida 2021/2022 oʻquv yilidan yangilangan ovqatlanish ratsioni hamda ushbu yoʻnalish bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarga talablar amaliyotga kiritiladi.
Bunda, bolalarning sogʻligʻiga zarar va rivojlanishiga salbiy taʼsir koʻrsatadigan barcha oziq-ovqat mahsulotlarini maktabgacha taʼlim tashkilotlari va maktablar hududida sotishga cheklovlar qoʻyiladi, deb xabar beradi Adliya vazirligi matbuot xizmati.