Aholi kutilmalari va joriy inflyatsiya oʻrtasidagi tafovut 4 foiz

    Oʻzbekistonda aholi kutilmalari va joriy inflyatsiya oʻrtasidagi tafovut 4 foiz atrofida saqlanib qolmoqda

    Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari aholining inflyatsion kutilmalari va joriy inflyatsiya oʻrtasidagi tafovut monetar siyosat samaradorligiga qanday taʼsir koʻrsatishini tahlil qildi.

    Maʼlumki, inflyatsion kutilmalar inflyatsiya darajasiga quyidagi kanallar orqali salbiy taʼsir etadi:

    1. Talab kanali. Odamlarning kelajakda narxlar oshishini taxmin qilishi ularning joriy xarajatlarini oshiradi.

    2. Taklif kanali. Odamlarning kelajakda narxlar oshishini taxmin etishi ularning yuqori ish haqini daʼvo qilishga olib keladi. Bu esa oʻz navbatida, pul-kredit siyosati samaradorligi hamda makroiqtisodiy barqarorlikka bevosita taʼsir koʻrsatadi.

    Maʼlumot uchun: Inflyatsion kutilmalar - bu aholining kelajakdagi inflyatsiya darajasi toʻgʻrisidagi taxminlari.

    Aholining inflyatsion kutilmalari shakllanishida baʼzida ratsionallikdan ogʻish holatlari kuzatiladi. Yaʼni, aholining kutilmalari asossiz oshib ketishiga quyidagilar taʼsir etadi:

    - elektrotexnika va avtomobil kabi tovarlar narxi oshishi aholi kutilmalariga taʼsir etadi, lekin bunda sifat oʻzgarishlarning ham hissasi mavjud boʻladi;

    - uy narxlarining koʻtarilishi aholining inflyatsiya kutilmalariga taʼsir qiladi, aslida bunda spekulyatsion harakatlarning taʼsiri ham boʻlishi mumkin;

    - aholi odatda oʻzi isteʼmol qilayotgan tovar va xizmatlar savatidagi narxlarga qarab qaror qabul qiladi.

    Aholining inflyatsion kutilmalari asossiz ravishda keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida Markaziy banklar inflyatsion targetlash, yaʼni kelgusi davr uchun inflyatsiyani oldindan eʼlon qilish siyosatini olib boradi. Uning samara berishi aholining markaziy bankka ishonchiga, ishonch esa inflyatsion kutilmalar va joriy inflyatsiya oʻrtasidagi tafovutga bogʻliq.

    Tahlil natijalariga koʻra quyidagilar aniqlandi:

    - Oʻzbekiston sharoitida agar aholining inflyatsion kutilmalari 1 foizga oshsa, isteʼmol narxlari indeksi 0,53 foizga ortadi;

    - Oʻzbekistonda aholi kutilmalari va joriy inflyatsiya oʻrtasidagi tafovut 4 foiz atrofida saqlanib qolmoqda;

    - davlat inflyatsiya targetini 10 foiz deb eʼlon qilgan taqdirda sodda (naïve – oʻtmishga qarab qaror qiluvchi) aholi inflyatsiyani 11,1 foiz, moslashuvchan (adaptive - oʻtmish, hozirni tahlil qilish orqali qaror qiluvchi) aholi 13,5 foiz va ratsional (oʻtmish, hozir va kelajakni tahlil qilish orqali qaror qiluvchi) aholi 18,2 foiz boʻlishini kutadi.

    Shunday ekan, inflyatsion kutilmalar va joriy inflyatsiya orasidagi tafovutni qisqartirish, qisqa muddatli tebranishlardan keyin iqtisodiyotni barqarorlashtirish, inflyatsiyani targetlangan darajada ushlab turishda yordam beradi. Bunday holatlarning oldini olish uchun Markaziy bank inflyatsiyani targetlash (jilovlash) da realist boʻlishi talab etiladi. Bundan tashqari, aholi narxlar oshib ketishi haqida asossiz xavotirga tushishining oldini olish uchun Ijtimoiy inflyatsiya (aholining katta qismi asosan isteʼmol qiladigan tovarlar savati) darajasini eʼlon qilib borish lozim. Bundan tashqari, aholining moliyaviy savodxonligini oshirish va inflyatsiya darajasini baholashda mustaqil ekspertlarni jalb qilish yuqoridagi risklarni kamaytiradi.