Maʼlumotlarga koʻra, mamlakatimizda umumiy inflyatsiya darajasi 2022-yildagi 12,3 foizdan 2025-yil sentyabr oyida 8 foizgacha pasaygan. Bu soʻnggi yillarda narxlar barqarorlashib borayotganidan dalolat beradi.

Inflyatsiyasi 10 foizdan yuqori boʻlgan tovar va xizmatlar ulushi 2022-yilda 52 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yil sentyabrida 14 foizga tushgan. Bu esa ichki bozorda narx barqarorligi ortib borayotganini koʻrsatmoqda.

Oziq-ovqat mahsulotlarida turli yoʻnalishdagi oʻzgarishlar qayd etilgan

Yil davomida ayrim mahsulotlar narxi pasaygan: ovqat yogʻi — 59,2 %, pomidor — 31,5 %, sabzi — 57,5 %, kartoshka — 8,1 %.

Biroq ayrim mahsulotlar qimmatlashgan: qovoq — 10,9 %, limon — 52,6 %, baqlajon — 22,3 %.

Noziq-ovqat mahsulotlarida ham farqlar mavjud

Propan narxi 7 % ga, tabiiy gaz 11 % ga, dezodorantlar esa 10,5 % ga oshgan.

Qogʻoz (A4) narxi 3,7 % ga, metan esa 19,3 % ga pasaygan.

Xizmatlar sohasida ham turli oʻzgarishlar kuzatilgan

Sugʻurta xizmati 3,1 % ga, mikromoliyaviy xizmatlar 2,6 % ga arzonlashgan.

Shu bilan birga, avtomobil haydovchilik kurslari narxi 73,3 % ga, transport xizmatlarida esa 57,8 % ga oshgan.

Umumiy tahlil

Isteʼmol narxlari indeksiga koʻra:

  • Oziq-ovqat mahsulotlarining 68 % narxi oʻsgan, 32 % pasaygan.
  • Noziq-ovqat mahsulotlarining 86 % narxi oshgan, 14 % arzonlashgan.
  • Xizmatlar sohasida 90 % narxlar oʻsgan, 10 % pasaygan.

Markaziy bankning taʼkidlashicha, bu koʻrsatkichlar iqtisodiy jarayonlardagi narxlar dinamikasini hamda ichki bozordagi barqarorlikni aniq namoyon etmoqda.