Samarqand shahar koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasida Xalq demokratik partiyasi rahbarlarining nogironligi boʻlgan shaxslar bilan saylovoldi tashviqotiga bagʻishlangan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Soʻzga chiqqanlar Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturi hamda deputatlikka nomzodlarning dasturidan oʻrin olgan taklif va tashabbuslar mazmunini saylovchilarga tushuntirib berishdi. Xususan, nogironligi boʻlgan shaxslarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash masalasi partiyaning maqsadi va uning elektorati manfaatlaridan kelib chiqib taklif etilayotgani taʼkidlandi. Partiya bu orqali davlat aholi manfaatlarini toʻlaqonli taʼminlash maqsadida kuchli ijtimoiy siyosat yuritishimiz lozim, degan pozitsiyasida sodiq qolgani alohida qayd etildi.

Uchrashuvda taʼkidlandiki, partiya milliy qonunchilikni BMTning nogironligi bor shaxslar uchun teng imkoniyatlarni taʼminlash boʻyicha meʼyoriy qoidalariga toʻliq muvofiqlashtirishga erishishni maqsad qilgan. Nogironligi bor shaxslar uchun obyektlar va xizmatlarning qulayligi milliy standartlarini ishlab chiqib, qonun darajasida mustahkamlash bilan bogʻliq qator taklif va tashabbuslarni ilgari surmoqda.

Samimiy va koʻtarinki kayfiyatda oʻtgan muloqotda nogironligi bor shaxslar uchun obyektlar va xizmatlarning qulayligi milliy standartlarini ishlab chiqish masalasi kechiktirib boʻlmaydigan vazifa ekani haqida ham soʻz yuritildi. Shu maqsadda nogironligi boʻlgan shaxslar harakatlanishi uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish, jumladan, temir yoʻl vokzallari, aeroport va shohbekatlarda koʻzi ojizlar uchun elektron axborot eshitish moslamalarini, svetofor va maxsus yoʻlaklarda nogiron shaxslarni ogohlantiruvchi ovozli elektron jihozlarni oʻrnatish ham vazifalar qatorida belgilangan.

Jamiyatning har bir aʼzosi uchun, shuning bilan birga, nogironligi boʻlgan fuqarolarga qulay muhit va sharoitlar yaratilishi kerak. Ular ham ijtimoiy hayotning faol qatnashchisi boʻlishi, oʻz qobiliyatlarini namoyon qila olishi lozim. Shundagina real hayotda sogʻlom va erkin muhit hukmron boʻladi, deyishdi partiya faollari.

Shuningdek, oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan 18 yoshgacha bolalarning kasalliklari roʻyxatini kengaytirish, shu orqali doimiy parvarishga muhtoj boʻlgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish yuzasidan choralar koʻrish borasidagi takliflar ham saylovchilar tomonidan iliq qarshi olindi. Bu tashabbusning alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalarni davlat va jamiyat hayotidagi faolligini oshirish bilan birga yurt taqdiriga daxldorlik hissini kuchaytirishga xizmat qilishi taʼkidlandi. Uchrashuvda taʼlim olish uchun teng imkoniyatlar yaratilishi bilan birga, inklyuziv taʼlim berish bilan shugʻullanayotgan oʻqituvchilarga imtiyozlar berish masalasiga ham urgʻu berildi.

Samimiy muloqot davomida deputatlikka nomzodlar tomonidan dasturdagi har bir taklif atroflicha tushuntirib berildi. Saylovchilar dastur, undagi taklif va tashabbuslar haqida fikr-mulohazalarini bildirgach, oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan partiya faollariga murojaat qildilar.