Shu yilning 25-avgust kuni Baxmal oʻrmon xoʻjaligi hududiga yaqin joydagi aholi yashash joyiga kelib qolgan Seversov qoʻyi — Qizilqum arxari baxmallik ekofaol tomonidan ushlanib oʻrmon xoʻjaligi nozirlariga topshirildi, deya xabar beradi Jizzax viloyati Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati.
Taʼkidlanishicha, “Qizil kitob”ga kiritilgan, yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan jonivorning umumiy ahvoli nozirlar tomonidan veterinar koʻrigidan oʻtkazildi. Har tomonlama sogʻlom deb topilgan jonivor Nurota davlat qoʻriqxonasiga qarashli “ FALCON SOLUTCONS ” MCHJ xodimlariga topshirildi.
Maʼlumot uchun:
Seversov qoʻyi yoki Qizilqum arxari Pomir – Oloy togʻlari tarkibiga kiruvchi togʻlar qoldiqlari — Nurota, Oqtogʻ, Molguzar, Turkiston, Zarafshon, Pistalitogʻ, Tomditogʻ, Boʻkantogʻ tizmalarida uchraydi. XX asrning oʻrtalariga kelib, bu turning bosh soni keskin kamayib ketib, ayrim tarqalish mintaqalarida butunlay yoʻq boʻlib ketish xavfida boʻlgan. Oʻz vaqtida koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida mazkur tur Nurota davlat qoʻriqxonasida saqlab qolingan. Bugungi kunda tur populyatsiyasining 80 foizi Nurota qoʻriqxonasi hududida uchraydi.
Jizzax viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi jonivorni tutib olgan baxmallik ekofaolga uning nobud boʻlishiga yoʻl quymay, tegishli davlat organlariga topshirgani uchun minnatdorchilik bildiradi.