Oʻzbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi hamda Qozogʻiston Ekologiya va tabiiy resurslar vazirligi saygʻoqlarni asrash va ularning sonini tiklashga qaratilgan davlatlararo hamkorlikni izchil ravishda rivojlantirmoqda.
Saygʻoq — noyob va yoʻqolib boruvchi jonzot sifatida hisoblanadi. Ilgari uning yashash areali Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Turkmaniston va Rossiyaning janubiy hududlarini qamrab olgan boʻlsa, bugungi kunda u Oʻzbekistonning Qizil kitobiga kiritilgan. Shuningdek, saygʻoqlar CITES Konvensiyasining II ilovasi hamda Koʻchmanchi turlar toʻgʻrisidagi Konvensiyaning (CMS) I ilovasiga ham kiritilgan boʻlib, bu ularni xalqaro miqyosda muhofaza qilish zarurligini taʼkidlaydi.
Oʻzaro hamkorlik doirasida ikki davlat oʻrtasida saygʻoqlarni asrash va tiklash boʻyicha anglashuv memorandumi imzolanishi rejalashtirilgan. Ushbu hujjat saygʻoqlar sonini oshirish va ularning muhitida kompleks dasturlarni amalga oshirish uchun huquqiy va tashkiliy asos boʻlib xizmat qiladi.
Memorandum doirasida quyidagi qoʻshma chora-tadbirlar amalga oshirilishi koʻzda tutilmoqda:
- Saygʻoqlarning anʼanaviy koʻchish yoʻnalishlarida erkin harakatlanishi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida chegara boʻylab maxsus muhofaza etiladigan hududlar hamda migratsion koridorlar tashkil etish;
- Saygʻoqlarning oziqlanishi va koʻpayishi uchun muhim boʻlgan tabiiy yaylovlar, suv havzalari va ekotizimlarni tiklash;
- Tabiatga qayta koʻchirish (reintroduksiya) dasturini ishlab chiqish;
- Ilmiy tadqiqotlar, monitoring va tajriba almashinuvini tashkil etish, jumladan, qoʻshma ekspeditsiyalar, reydlar, mutaxassislarni tayyorlash va populyatsiya boʻyicha maʼlumotlar bilan almashish.
Shu bilan birga, hamkorlik doirasida transchegaraviy ekotizimlarda saygʻoqlarning soni, salomatligi va koʻchish jarayonlarini kuzatish, yashash muhitini tiklash, arealning parchalanishining oldini olish, shuningdek, genetik va texnik maʼlumotlar bilan almashish, sunʼiy yoʻldosh orqali kuzatuv, veterinariya nazoratini joriy etish, brakonyerlikka qarshi kurashish va aholi oʻrtasida targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish ham nazarda tutilgan.
Hisob usullarini muvofiqlashtirish, yagona maʼlumotlar bazasini yaratish va tabiatni muhofaza qilish dasturlariga xalqaro sheriklarni jalb etish ham muhim vazifalardan hisoblanadi.
Taʼkidlash joizki, saygʻoqlarni muhofaza qilish sohasidagi bu ikki davlat hamkorligi nafaqat bioxilma-xillikni saqlash, balki barqaror transchegaraviy ekologik hamkorlikni mustahkamlash yoʻlida muhim qadam hisoblanadi. Shu orqali mintaqaning tabiiy merosini kelajak avlodlarga yetkazish borasidagi xalqaro majburiyatlarga sodiqlik namoyon etilmoqda.








