Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Rishton tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Koʻmir taʼminot” MCHJning Oltiariq koʻmir ombori mudiri M.I. Rishton tumanidan koʻmir omboriga biriktirilgan jamoatchi vakil S.E. va boshqalar oʻzraro til biriktirib, kuz-qish mavsumida Rishton aholisiga imtiyozli narxda yetkazib berish uchun ajratilgan umumiy bahosi 774,1 mln soʻmlik 2 578 tonna koʻmirni soxta hujjatlarni rasmiylashtirish yoʻli bilan boshqa shaxslarga bozor narxida sotib yuborib, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Mirzachoʻl tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Koʻmir taʼminot” MCHJning “Doʻstlik” koʻmir ombori masʼul shaxslari va boshqalar 351 tonna koʻmirni aholiga imtiyozli narxlarda sotilganligi toʻgʻrisida soxta hujjatlarni rasmiylashtirganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.