Soʻnggi yillarda yurtimizda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini takomillashtirish, ular koʻrsatadigan xizmat sifatini oshirish boʻyicha turli innovatsion yondashuv va yangiliklarga qoʻl urilmoqda. Xorijiy davlatlarning bu boradagi koʻp yillik tajribasi oʻrganilmoqda. Mazkur vebinar shunday intilish va saʼy-harakatlarning mantiqiy davomidir.
Seminarda taʼkidlanishicha, oʻtgan asrda Germaniyada xausmaster instituti amaliyotga muvaffaqiyatli joriy etilgan. Bunday mutaxassislarni menejerning oʻng qoʻli deb atashadi. Xausmasterlar koʻp qavatli uylar va xonadonlarda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarni oldindan koʻra bilish va ularni bartaraf etish layoqatiga ega boʻladi. Odatda ular bir emas, bir nechta kasblarni puxta egallaydi. Koʻpqavatli uylar va xonadonlarga xizmat koʻrsatuvchi tashkilot yoki uy-joy mulkdorlari shirkati xodimlari sifatida ishlaydi. Koʻrsatiladigan xizmatlar doirasi, albatta, alohida shartnoma bilan tartibga solinadi.
Soʻnggi yillarda Belarus xausmasterlik faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha Germaniya tajribasini muvaffaqiyatli oʻzlashtirib, uy-joy, koʻchmas mulkni boshqarish bozorida xausmaster institutini joriy etdi. Bu yangilik koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatish sifatini sezilarli darajada yaxshiladi.
Mamlakatimizda mahalliy xausmasterlar malakasini oshirish, ish jarayonida ularning hayot xavfsizligini taʼminlash hamda binolarni texnik koʻrikdan oʻtkazish, qurilish va texnik zararni aniqlash, aholi bilan muloqot oʻrnatish boʻyicha xalqaro tajriba bilan tanishtirish seminarning asosiy maqsadidir.
— Sohada yigirma yillik tajribaga egaman, — dedi Samarqand shahridagi “Oltin asr” MCHJ professional boshqaruv tashkiloti rahbari Xayriniso Shatanova. — Aynan toʻrt yildan buyon xausmasterlikni faoliyatimizga tatbiq etish boʻyicha izlanishlarda ishtirok etyapman. Bu borada Germaniya tajribasini ham toʻliq oʻrganib chiqdim. Ushbu tajribaning asosiy mazmuni raqamlashtirish boʻlgani bois, uni faoliyatimizga tatbiq etsak, yurtdoshlarimizga juda katta yengillik yaratgan boʻlamiz.
Vebinar “Murabbiylar uchun treninglar” dasturi doirasida tashkil etilgan boʻlib, oʻtgan yil iyun oyida boshlangan edi. Loyiha uy-joy mulkdorlari uchun kasb-hunar taʼlimini joriy etishga qaratilgan. Unga koʻra, kasb-hunar kollejlari va sanoat korxonalari bilan ishlash rejalashtirilgan. Loyiha toʻliq roʻyobga chiqishi natijasida ixtisoslashgan uyushmalarning professional salohiyati oshadi, xizmat koʻrsatish koʻlami yana-da kengayadi.
Jahongir ERNAZAROV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri