Unda aytilishicha, Vazirlar Mahkamasining 804-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan joriy yil boshidan bugungi kungacha suv taʼminoti korxonalari tomonidan xorijiy kreditlar boʻyicha 139,3 mlrd soʻmlik majburiyatlar bajarilgan. Jami 1 729 ta obyektda qurilish ishlari olib borilib, 20 363,6 km ichimlik va oqova suv tarmoqlari qurilgan hamda rekonstruksiya qilingan.
Ichimlik suvi taʼminoti obyektlarini qurish va rekonstruksiya qilishni nazoratga olish maqsadida Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi tomonidan “Smart qurilish” elektron platformasi orqali “onlayn” rejimda nazorat ishlari olib borilmoqda. Sohada korrupsiyaning oldini olish va tender savdolari jarayonida shaffoflikni taʼminlash maqsadida komplayens tizimi joriy etilgan.
2021-yilning yanvar-may oylarida 97,6 ming abonent (yoki 258,2 ming nafar aholi) va 342 ta yuridik korxona bilan ikki tomonlama shartnomalar tuzilgan boʻlib, “Watercontrol” billing dasturiga kiritilgan.
Joriy yilning yanvar-may oylarida hududiy suv taʼminoti korxonalari tomonidan ichimlik suv tarmoqlariga 367 ta noqonuniy ulanish holatlari aniqlanib, jami 1,4 mlrd soʻmlik zarar undirilgan.
Maʼlumotlar shaffofligini taʼminlash maqsadida isteʼmolchilar shaxsiy kabineti (cabinet.uzst.uz) sahifasi yaratilgan.
Isteʼmolchilarga qulayliklar yaratish maqsadida elektron toʻlov tizimlari (click, paynet, payme, upay, oson va boshqalar) bilan shartnomalar tuzilib, billing bazasiga integratsiya qilingan.
Natijada elektron toʻlov tizimlari (click, paynet, payme, upay, oson) orqali joriy yil yanvar-may oylarida 66,8 mlrd soʻm kelib tushib, ushbu koʻrsatkich oʻtgan yilning mos davriga (34,2 mlrd soʻm) nisbatan 95 foizga oshgan.
Ushbu jihatlarni hisobga olgan holda Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.