A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahridagi filiali ilk talabalarini qabul qildi

    Ta'lim 7 Sentabr 2021 3483

    A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogik universitetining Toshkent shahridagi filialining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vaziri A.Shin, Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekistondagi elchisi O.Malginov, Rossiya taʼlim vazirligining xalqaro hamkorlik va jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi direktorining oʻrinbosari A.Efremov, A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining rektori vazifasini bajaruvchi V. Rabosh, Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirining oʻrinbosari U.Begimqulovlar ishtirok etdi.

    A.I.Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universitetining Toshkent shahridagi filiali quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislarni tayyorlaydi:

    - Pedagogik taʼlim ( Bolalarning qoʻshimcha estetik taʼlimi);

    - Psixologiya-pedagogik taʼlim (Maktabgacha taʼlimda);

    - Psixologiya va ijtimoiy pedagogika ( Bolalar psixologiyasi);

    - Maxsus ( defektologik ) taʼlim ( Surdopedagogika, Tiflopedagogika, Oligofrenopedagogika);

    - Psixologiya ( Inson va jamiyat psixologiyasi);

    - Lingvistika (Rus tilini chet tili sifatida oʻqitishning nazariyasi va metodikasi va millatlararo kommunikatsiya).

    2021-2022 oʻquv yili kvotasi 405 ta abituriyentni talabalar safiga qabul qilishni koʻzda tutgan. Ularning 81 nafari davlat byudjeti asosida va 324 nafari toʻlov-shartnoma asosida oʻqishga qabul qilindi.

    Shuni taʼkidlash joizki, filial bitiruvchilari nafaqat Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasida, balki bir qator chet el mamlakatlarida ham tan olinadigan davlat namunasidagi diplomni qoʻllariga oladi.

    Filialdagi taʼlim jarayoni har bir yoʻnalish boʻyicha yetuk va malakali pedagog kadrlarni yetishtirishga qaratilgan. Jumladan:

    “Pedagogik taʼlim” (Bolalarning qoʻshimcha estetik taʼlimi) yoʻnalishi bitiruvchilari davlat va nodavlat taʼlim muassasalarida bolalar bilan ishlashlari, shuningdek, madaniy-maʼrifiy tashkilotlarda va qoʻshimcha taʼlim maskanlarida faoliyat yuritishlari mumkin boʻladi.

    Universitetni “Psixologiya-pedagogik taʼlim (Maktabgacha taʼlimda)” yoʻnalishini bitirgan mutaxassislar maktabgacha taʼlim muassasalarida psixologlar sifatida, oʻrta taʼlim oʻquv maskanlarida psixologik-pedagogik korreksiyasi yoʻnalishida ishlay oladi.

    “Psixologiya va ijtimoiy pedagogika” (Bolalar psixologiyasi) bitiruvchilari insonda, xususan, bolalarda psixologik diagnostikani oʻtkazish, bolalar tarbiyasidagi turli oʻzgarishlarni korreksiyalash, psixologik tadqiqotlarni olib borish faoliyatlarini yurita oladi.

    “Maxsus (defektologik) taʼlim (Surdopedagogika, Tiflopedagogika, Oligofrenopedagogika)” yoʻnalishi bitiruvchilari eshitish va soʻzlash qobiliyatida muammosi bor boʻlgan bolalar bilan ishlashga ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalarida faoliyat yuritib, ular uchun tarbiyachi, surdopedagog, tyutor, va xususan, individual oʻqituvchi sifatida ishlashlari mumkin boʻladi.

    “Psixologiya (Inson va jamiyat psixologiyasi )” yoʻnalishini bitirgan talabalar jamiyatning turli qatlamlarida psixologik sogʻlom fikrlashni shakllantirish, guruh va individual psixologiya sohalarida ishlashlari mumkin boʻladi.

    “Lingvistika (Rus tilini chet tili sifatida oʻqitishning nazariyasi va metodikasi va millatlararo kommunikatsiya)” yoʻnalishi taʼlim jarayonini turli millat vakillariga taʼlim berish, ularga rus tilini oʻzlarining tillari xususiyatlaridan kelib chiqqan holda oʻrgatish kabi ishlarni amalga oshirishlari mumkin boʻladi, deb xabar beradi Maktabgacha taʼlim vazirligi matbuot xizmati.

    Maʼlumot uchun: A.I. Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogik universitetining Toshkent shahridagi filiali Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 8-oktyabrida qabul qilingan №PQ-4857 sonli qaroriga asosan tashkil etildi. Mazkur hujjatda maktabgacha taʼlimining barcha tarmoqlari uchun yuqori malakali kadrlarni yetishtirish, rivojlangan chet el mamlakatlarining oʻquv yurtlari bilan hamkorlik oʻrnatish, taʼlim muassasalarining yuqori malakali kadrlardagi muhtojligini qondirish zaruriyati kabi dolzarb masalalar sifatida oʻz ifodasini topgan.