Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va
Imom Termiziy ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan diniy-maʼrifiy sohada olib borilgan ishlar hamda istiqlolning 30 yilligiga bagʻishlangan diniy-maʼrifiy nashrlar taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Tadbir avvalida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov soʻnggi yillarda markaz tomonidan diniy-maʼrifiy sohada amalga oshirilgan ilmiy-tadqiqot va noshirlik ishlari, shuningdek, markazning faoliyati haqida gapirib oʻtdi. Jumladan, Prezidentimizning 2021-yil 16-iyulda imzolagan “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan asosiy vazifalar haqida maʼlumot berdi.

Tadbirda markaz nashr qilgan, uning kutubxonasida saqlanayotgan, Yevropada oʻrta asrlardan boshlab chop etilgan, mazmunan Sharq olami bilan bogʻlangan besh yuz saksonta asar roʻyxatini oʻz ichiga olgan “Sharq va Gʻarb” fihristi birinchi jildining taqdimoti ham oʻtkazildi.

Shuningdek, “Buxoro — Islom olami madaniyati poytaxti” kitob-albomi, shayx Abdulaziz Mansurning “Koran. Kratkiy kommentariy” — Qurʼoni karim oyatlari maʼnolarining rus tilidagi tarjimasi, hamda oliy taʼlim muassasalari uchun oʻzbek va rus tillarida tayyorlangan “Dinshunoslik” va “Religiovedeniye” kitoblari ham taqdim etildi. Aytish lozimki, markaz tomonidan shu paytgacha 12 nomdagi kitob va risolalar nashrga tayyorlanib, 5 ta kitob chop etildi, 7 tasi tarjima qilindi.

Tadbir davomida, shuningdek, Oʻzbekiston islom akademiyasi tomonidan Majduddin Muhammad Ustrushaniyning “Jomiʼ ahkom as-sigʻor” asari, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari tomonidan nashrga tayyorlangan kitob va risolalar taqdimoti ham oʻtkazildi.

Matbuot-anjumanida Bosh vazir oʻrinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov Rossiya Federatsiyasidan vatanimizga qaytarilgan XIII-XIX asrlarga oid qimmatbaho madaniy boyliklarni Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi fondiga rasman topshirdi.

— Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Hukumat rahbarlari darajasidagi Qoʻshma komissiyaning oʻtkazilgan navbatdagi yigʻilishi doirasida muqaddam mamlakatimizdan noqonuniy olib chiqib ketilgan va Rossiya Federal bojxona xizmati tomonidan ushlab qolingan 45 dona madaniy boyliklar qaytarildi, — dedi A.Abduhakimov. — Ulardan 29 dona qoʻlyozma kitoblar XIX asr oxiri, XX asr boshlarida bitilgan boʻlib, fors tili arab yozuvida yozilgan. 16 dona turli xil sopol buyumlarning 7 donasi XIX asr oxiri, XX asr boshlarida, 9 donasi XX asrning oʻrtalarida yasalgan. Ushbu madaniy boyliklar 2016-yil Oʻzbekiston Respublikasidan noqonuniy olib chiqib ketilgan. Oʻzbekistonga oid tarixiy, badiiy va muzey qiymatiga ega madaniy boyliklar, xalqimizning noyob mulkidir.

Hozirgi kungacha ular Oʻzbekiston Davlat sanʼat muzeyida oʻrnatilgan tartibda oʻralgan holda maxsus qutilarda saqlanib kelindi. Qaytarilgan madaniy boyliklarni Oʻzbekiston Respublikasi Bojxona qoʻmitasi, Madaniy meros agentligi mutaxassislari ishtirokida Islom Sivilizatsiyasi markaziga topshirish ishlarini tashkillashtirdik.

Rossiya Federal bojxona xizmati tomonidan ushbu mamlakatga olib kirishda toʻxtatilgan qoʻlyozma kitoblar, arab, fors va turkiy tillardagi diniy matnlar toʻplami, shuningdek, fors hamda turkiy tillardagi sheʼrlar va kulolchilik buyumlari endilikda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi hamda kutubxonasidan oʻrin oladi.

— Xalqimiz madaniy merosining asrab-avaylanishi, yanada boyib borishiga oz boʻlsa-da oʻz xissamizni qoʻshayotganimizdan gʻoyat mamnunmiz. Bundan keyin ham bu borada tegishli tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga hamisha tayyormiz, — deydi Davlat bojxona qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Oʻtkir Qodirov.

Soʻnggi besh yil mobaynida xalqimizga tegishli 450 ga yaqin qoʻlyozma asarlar, noyob tanga va osori atiqalar saqlab qolingani darhaqiqat bojxona organlarining madaniy merosimizni asrab-avaylashga munosib hissa qoʻshayotganidan dalolatdir.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, ushbu matbuot konferensiyasi yurtimizda ajdodlar merosini oʻrganish, targʻib qilish, asrab-avaylashda erishilgan salmoqli ilmiy natijalar namoyishi boʻldi.

Munojat MOʻMINOVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri