Ma'lumki, davlatimiz rahbarining qarori bilan Toshkent shahrida Aju universiteti faoliyati yo'lga qo'yilgan bo'lib, bugungi kunda universitetda 839 nafar talaba arxitektura, qurilish muhandisligi, elektrotexnika va komp`yuter muhandisligi yo'nalishlari bo'yicha ta'lim olmoqda. Muassasada 11 nafar malakali koreyalik professor hamda 28 nafar salohiyatli mahalliy professor-o'qituvchilar faoliyat yuritadi. Ta'lim faoliyati koreys mutaxassislari ko'magida ishlab chiqilgan “Akademik axborot tizimi” dasturi asosida raqamlashtirilgan.

Muloqotda dastlab, ikki tomonlama aloqalar, o'zaro tashriflar va ularda erishilgan kelishuvlarga to'xtalinib, mamlakatimiz oliy ta'lim tizimi mas'ullarining o'tgan yil dekabr` oyida Koreya Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi, undagi uchrashuv va muloqotlar mamnuniyat bilan tilga olindi.

Shundan so'ng O'zbekistonda oliy ta'lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar, jumladan, qabul kvotasining oshirilgani, OTM soni 159 taga etkazilgani, ulardan 30 tasi nufuzli xorijiy oliy ta'lim muassasasi ekanligi haqida ma'lumot berildi.

2030-yilga borib oliy ta'lim bilan qamrovni 50 foizga etkazish, ilmiy salohiyatni 70 foizga olib chiqish, tizimni boshqarishni to'liq raqamlashtirish maqsad qilingani aytildi.

Shu bilan birga Toshkent shahridagi Aju universiteti faoliyati bilan bog'liq masalalar, xususan, talabalar kontrakti uchun davlat subsidiya tizimi, muassasani o'quv laboratoriya anjomlari hamda boshqa asbob-uskunalar bilan ta'minlash kabi masalalar muhokama qilindi.

Suhbat davomida Toshkentdagi Aju universitetida texnika fanlarining ingliz tilida o'qitilishi alohida qayd etildi.

Albatta, O'zbekistonda fanlar ingliz tilida o'qitiladigan ko'plab universitetlar mavjud. Ammo aynan texnika fanlari bo'yicha ingliz tilida ta'lim beriladigan o'quv yurtlari soni ko'p emas, shuning uchun bu ta'lim jarayoni va sifatida juda muhim jihatdir, — dedi vazir.

Janob Jong-Xon Son universitet talabalarining salohiyati haqida alohida to'xtalib, ularning bunday kreativ fikrlashi, faolligi hamda tashabbuskorligida, albatta, O'zbekistonda ta'limga berilayotgan e'tibor sababligini qayd etdi.

Mehmonlar ta'lim muassasasining iqtidorli bitiruvchilarini Koreyadagi Aju universitetida davlat granti asosida magistraturada o'qitish rejasi borligini ham ta'kidlashdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama manfaat keltiruvchi boshqa masalalar ham muhokama qilib olindi.