Chingizxonning kelib chiqishi

Chingizxonning onasi Oelun xonim “Moʻgʻillar qalbining dostoni” (“Sokrovennoye skazaniye Mongolov”) nomli bitikda Qoʻngʻirot qabilasining Olxonut urugʻidan ekanligi yozilgan. Uning koʻz ochib koʻrgan eri Merkit (turk) qabilasining bahodiri Yeke Chiledu boʻlgan. Koʻchmanchi chorvador qabilalar aro urushda Chingizxonni otasi Yesugey bahodir Yeke Chiledu bilan olishuvda gʻolib chiqib, uning beva qolgan xotini Oelun xonimni oʻlja sifatida oʻz haramiga oladi. Oelun xonim goʻzalligi va jozibadorligi tufayli Yesugey bahodirni sevimli xotiniga aylanadi. Oelun xonim oʻsha kezlarda turk Yeke Chiledudan homilador boʻlib, Yesugey bahodir chodirida oʻgʻil koʻradi.

Ikki qabila oʻrtasida boʻlgan jangda merkitlarning sardori Temuchinning olishuvda harbiy mahoratini kuzatgan Yesugey bahodir, uning jang mahoratiga havasi kelib, chaqaloqqa Temuchin ismini qoʻyadi. Temuchin katta boʻlib, janglarda mahorat koʻrsatadi va tezda moʻgʻillar sardoriga aylanadi. 1206-yilda boʻlib oʻtgan moʻgʻil bahodirlarining qurultoyida unga Chingizxon nomi beriladi. Uning onasi esa, turko-moʻgʻil anʼanalariga koʻra, endi Oelun xotun darajasiga koʻtariladi, yaʼni buyuk malika unvoniga sazovor boʻladi. Shunday qilib, Chingizxon ota tomonidan turk oʻgʻloni, ona tomonidan esa etnik kelib chiqishi moʻgʻildir.

Yevropa ilmiy adabiyotlarida shaxsning millati ona tomoni etnik kelib chiqishi bilan bogʻlanib, uning (chaqaloqning) otasi turk boʻlsada, tarbiya topgan ijtimoiy muhitiga koʻra belgilanadi. Demak, Yevropa ilmiy adabiyotlarida onasi moʻgʻil boʻlgan Chingizxon moʻgʻillar ijtimoiy muhitida tarbiya topgani bois moʻgʻil.

Sharq ilmiy adabiyotlarida esa shaxsning millati otasini etnik kelib chiqishi bilan bogʻlanib, uning tarbiya topgan ijtimoiy muhitiga koʻra belgilanadi. Shu bois Chingizxonning otasi turk boʻlsada, tarbiya topgan ijtimoiy muhiti moʻgʻil boʻlgani bois moʻgʻildir.

Ukalari tan olmagan aka – Joʻjixon

Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi” asarida yozilganidek, Joʻjixonning onasi Burtaxonim qoʻngʻirot qabilasidan, otasi Chilgir boqa bahodir esa merkit (turk) qabilasidan boʻlganligi yozilgan. Homilador Burta xonim erining (Chilgir boqa urugʻining) bir joydan ikkinchi joyga koʻchayotgan paytida navqiron qaroqchi Timuchin tomonidan hujum uyushtirilib, Chilgir boqa oʻldiriladi va uning homilador xotini goʻzal Burtaxonim asir olinadi.

Maʼlum vaqt oʻtgach, Temuchin chadir aravasida Burta koʻz yorib, oʻgʻil chaqaloq tugʻiladi. Bu voqea Mirzo Ulugʻbekning “Toʻrt ulus tarixi”da aytilganidek, chaqaloqqa “yoʻldan kelgan mehmon” degan maʼnoni anglatuvchi (oʻzbek tilida “Yoʻlchi”, moʻgʻil tilida “Joʻji”) deb nom qoʻyishadi. Chingizxon garchi uni “toʻngʻich oʻgʻlim” deb tan olsada, biroq uning ota boshqa ukalari Chingizxonning katta oʻgʻli sifatida tan olishmaydi. Shu bois, Joʻji va uning avlodlaridan biron kishi moʻgʻillar imperiyasida qonuniy Chingizxon vorisi boʻla olmaganlar. Demak, Joʻjixon ota tomonidan turk, ona tomonidan esa etnik kelib chiqishi moʻgʻildir.

Joʻjixonning kelib chiqishi masalasida ham Gʻarb va Sharq udumlaridan kelib chiqib masalaga yondashilsa, Joʻjixon ham moʻgʻildir.

Ahmadali ASQAROV,

akademik