Uchrashuv avvalida Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari uchun “Akademik ustuvorlik” loyihasini amaliyotga tatbiq etish boʻyicha qator takliflar ilgari surildi. Shuningdek, loyihani amalga oshirish rejasi va istiqboldagi rejalarga ham toʻxtalib oʻtildi.

— Soʻnggi yillarda hamkorlikda amalga oshirgan ishlarimiz natijasida Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalari qator yoʻnalishlar boʻyicha sezilarli darajada oʻsishga erishdi, — dedi Yegor Yablokov. — Mazkur jarayonni yanada jadallashtirish uchun esa oldimizda qator vazifalar turibdi. Xususan, mamlakatingiz oliy taʼlim tizimini yanada takomillashtirish hamda yetakchi universitetlarni rivojlantirish uchun davlat dasturini ishga tushirish va qoʻllab-quvvatlash zarur. Bu jarayonda esa mazkur oliy taʼlim muassasalarining rivojlanish va bitiruvchilarning bandlik koʻrsatkichlarini monitoring qilish hamda oliy taʼlim muassasalarining milliy iqtisodiyot, ijtimoiy sohani rivojlantirishga qoʻshgan hissasini va xalqaro mehnat taqsimotidagi ishtirokini baholashning tekshiriladigan tizimini yaratish muhim ahamiyatga ega. Bu jarayonda, albatta, amalga oshiriladigan dastur arxitekturasini mukammal ishlab chiqish uchun kuchlarni oʻzaro birlashtirishimiz lozim.

— Davlatimiz rahbari mamlakatimizdagi kamida 10 ta oliygohning nufuzli xalqaro reytinglarga kirishini taʼminlash boʻyicha bizga aniq vazifalarni belgilab bergan. Oʻtgan yillar mobaynida Oʻzbekistondagi oliy taʼlim muassasalari milliy reyting tizimini yoʻlga qoʻyishda hamkorlik qilib, qator ijobiy natijalarga erishdik, — dedi inspeksiya boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev. — Biroq ushbu natijalar mamlakatimiz oliy taʼlim muassasalarining xalqaro reytinglarda yuqori oʻrinlarni egallashi uchun yetarli emas. Bu jarayonni yanada takomillashtirish uchun oliy taʼlim muassasalaridagi mavjud maʼlumot bazalarini nufuzli agentliklar va markazlardagi tizimlar bilan oʻzaro integratsiya qilishimiz lozim.

Uchrashuv yakunida tomonlar koʻtarilgan masalalar boʻyicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.