Yigʻilishda uyushma boʻlimi boshqaruvi aʼzolari, hududiy OAV masʼullari hamda soha faxriylari ishtirok etdi. Tadbirda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi v.b. Xolmurod Salimov mamlakatimizda ochiqlik siyosatini taʼminlash, “Yangi Oʻzbekistonning yangi jurnalistikasi”ni yaratish borasidagi islohotlarga alohida toʻxtaldi.
Kun tartibidagi asosiy masala — boʻlimga rais saylash jarayonida ishtirokchilar tomonidan koʻrsatilgan nomzodlar koʻrib chiqildi. Ovoz berish natijalariga koʻra, Akbar Rahmonov Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasining Qashqadaryo viloyat boʻlimi raisi etib saylandi.
Tadbir davomida soʻzga chiqqan “Adolat kuchi” gazetasi bosh muharriri Norboʻta Gʻoziyev va jurnalist Shavkat Aminovlar yangi rahbarning nomzodini qoʻllab-quvvatlab, uning sohadagi tajribasini eʼtirof etdilar.
Akbar Rahmonov 1979-yilda Chiroqchi tumanida tugʻilgan. U sohada boy tajribaga ega jurnalist sifatida tanilgan:
Ish faoliyatini 2005-yili “Qashqadaryo yoshlar sporti« gazetasida muxbirlikdan boshlagan. «Qashqadaryo sporti” gazetasi bosh muharriri, “Sport«, «Oʻzbekiston futboli” hamda “Maʼrifat” gazetalarining viloyat boʻyicha maxsus muxbiri boʻlib ishlagan.
Hozirda u Vazirlar Mahkamasining nashri — “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining Qashqadaryo viloyati boʻyicha oʻz muxbiri sifatida faoliyat yuritmoqda.
Endilikda A.Rahmonov “Yangi Oʻzbekiston” gazetasidagi faoliyatini Jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimi raisligi bilan birgalikda davom ettiradi.