Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi platformasida tashkil etilgan yig'ilishda mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.

Yig'ilishda islohotlarning amalga oshirilishini baholash va monitoring qilish tizimini shakllantirish, quyosh fotoelektr stantsiyalari, energiya tejamkor qurilmalar o'rnatish orqali iste'molchilarni elektr energiyasi bilan ta'minlash bo'yicha “pilot” loyihani ishga tushirish, iqtisodiyotda yoqilg'i narxlari keskin tebranishining oldini olish va uning barqarorligini ta'minlash kabi vazifalar belgilab olindi, deya xabar berdi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Jamoatchilik bilan aloqalar xizmati.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbariyati 3 oy ichida hal qilinishi kerak bo'lgan quyidagi muammolarni ishtirokchilar e'tiboriga havola etdi:

1. Islohotlarning amalga oshirilishini baholash va monitoring qilish tizimini shakllantirish.

So'nggi yillarda respublikada aholining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligini yuksaltirishga qaratilgan bir qator islohotlar amalga oshirildi. endilikda islohotlar natijalarini tizimli va xolis baholash bo'yicha kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish hamda islohotlar natijalarining miqdoriy va sifat jihatdan qiyosiy tahlilini (KPI) o'tkazish, elektron ma'lumotlar bazalarini yaratish taklif etilgan bo'lib, bu katta hajmdagi statistik va boshqa ma'lumotlardan iborat bunday ma'lumotlarni to'plash, tahlil qilish va baholashga ijobiy ta'sir ko'rsatadi.

Shu munosabat bilan ishtirokchilar respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarni baholash va monitoring qilish tizimini shakllantirish bo'yicha qaror qabul qilishdi.

2. Quyosh fotoelektr stantsiyalari, energiya saqlash qurilmalari va quyosh issiqlik kollektorlari o'rnatish orqali iste'molchilarni elektr va issiqlik energiyasi bilan ta'minlashga o'tish.

Bugungi kunda mamlakatda iste'molchilarga elektr energiyasi etkazib berishda uzilishlar, an'anaviy manbalardan elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun suv resurslari, gaz va ko'mir etishmasligi bilan bog'liq ba'zi holatlar uchrab turibdi. Shuningdek, IeSda elektr energiyasi ishlab chiqarish natijasida atmosferaga zararli moddalarning chiqarilishi atrof-muhitga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda. Muqobil energiya manbalarini joriy etishning ahamiyati kundan-kunga ortib bormoqda.

Shu munosabat bilan ishtirokchilar quyosh fotoelektr stantsiyalari, energiya saqlash qurilmalari va quyosh issiqlik kollektorlarini o'rnatish, shuningdek, “quyosh panellari uchun kredit" kredit liniyasini ochish va yuqorida qayd etilgan uskunalarni sotib olish harajatlarini qoplash muddatini qisqartirish orqali iste'molchilarni elektr energiyasi va issiq suv bilan ta'minlashga bosqichma-bosqich o'tish bo'yicha “pilot” loyihasini yo'lga qo'yishni taklif qilishdi. “Pilot” loyihasi doirasida Toshkent shahridagi mahallalardan biriga shunday uskunalar o'rnatish rejalashtirilgan.

3. Iqtisodiyotda yoqilg'i narxlari keskin tebranishining oldini olish va uning barqarorligini ta'minlash.

2020-yil 1-maydan boshlab mamlakatimizda barcha turdagi benzin va dizel yoqilg'isining chakana narxlari davlat tomonidan tartibga solinishi bekor qilindi hamda neftni qayta ishlash zavodlari yoqilg'ini faqat birja savdolari orqali sotishi belgilandi.

Bunday sharoitda ichki bozorda yoqilg'i narxi keskin o'zgarishiga olib keladi. Bu esa, o'z navbatida, aholining xarid qobiliyati pasayishi, mahsulot va xizmatlar tannarxining oshishi, shuningdek, respublika iqtisodiyoti raqobatbardoshligi pasayishiga sabab bo'ladi.

Shu bois, jahon bozorida yoqilg'i narxi keskin oshib borayotgan sharoitda ichki bozorda narxlar barqarorligini ta'minlash maqsadida yoqilg'i narxining o'zgarishlarini barqarorlashtirishning aniq mexanizmlarini joriy etish taklif etilmoqda.

Ta'kidlash joizki, har bir yo'nalish bo'yicha ushbu masalalarga mutasaddi vazirlik va idoralarning mas'ul xodimlaridan iborat ishchi guruhlari tuzilib, ular oraliq natijalarni umumlashtiradi va har 25 kunda mas'ul rahbarlarga hisobot taqdim etadi.

100 kunlik ish natijalariga ko'ra, yakuniy bosqichda Akselerator rahbarlarining yig'ilishi tashkil etiladi va belgilangan har bir yo'nalishni hal etishda erishilgan natijalar bilan tanishtirib o'tiladi.