AKT vazirligi rahbariyati “MWC Barcelona-2022” Jahon mobil kongressida ishtirok etyapti

    Xalqaro hamkorlik 2 Mart 2022 1550

    Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatov boshchiligidagi delegatsiya Barselona (Ispaniya Qirolligi) shahrida joriy yil 28-fevral – 3-mart kunlari boʻlib oʻtayotgan “MWC Barcelona-2022” Jahon mobil kongressida ishtirok etyapti.

    “MWC Barcelona-2022” Xalqaro mobil kongressi 155 mamlakat dan 2 000 dan ortiq turli kompaniya va tashkilotlarni birlashtirgan IT-sanoatidagi eng yirik xalqaro tadbirlardan biri hisoblanadi. Kongress doirasida yetakchi mutaxassislar va bozor ekspertlari AKT sohasidagi soʻnggi tendensiyalarni muhokama qiladi hamda soʻnggi texnologik yutuqlar taqdimotlarini oʻtkazadi.

    Bu yilgi tadbir dasturi bulutli texnologiyalar, 5G texnologiyalarini rivojlantirish, sunʼiy intellektlarni ilgari surish, internet texnologiyalarining kirib kelishi kabi dolzarb masalalarga bagʻishlanadi.

    Kongress ishtirokchilari orasida yetakchi xalqaro IT-kompaniyalar – texnologik asbob-uskunalar va dasturiy taʼminot ishlab chiqaruvchilari, telekommunikatsiya va mobil aloqa operatorlari, milliy IT-bozorlari vakillari bor. Ular orasida Amazon, AT&T, China Mobile, HTC, Huawei, ZTE, Amdocs, HP, Nokia, Qualcomm, Vodafone, Kaspersky, Accenture, Fujitsu va boshqalar bor. Tadbirni nufuzli ommaviy axborot vositalari, jumladan CNBC, Financial Times, The Wall Street Journal, Time, Euronews va boshqalar yoritib boradi.

    Forum doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi rahbariyatining bir qator xorijiy IT-kompaniyalar bilan uchrashuvlar oʻtkazishi, “Huawei Industrial Digital Transformation Summit” sammitida hamda “Raqamli oʻzgarish” mavzusidagi konferensiyada ishtirok etishi rejalashtirilgan, deb xabar beradi vazirlik matbuot xizmati.