FAOning “Akvakultura sektori va baliq qiymat zanjiri bo'yicha Milliy tadqiqot va strategiyasi” texnik hamkorlik dasturi doirasida vebinar tashkil etildi. Akvakul`tura sohasining hozirgi mavjud vaziyat tahliliga bag'ishlangan tadbirda FAO ekspertlari, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo'mitasi, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda “O'zbaliqsanoat” uyushmasi vakillari ishtirok etdi.
Dastur maqsadi mavjud muammolarni aniqlash, shuningdek, baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish ko'lamini oshirish, qayta ishlash va sotish imkoniyatlarini aniqlash maqsadida ishlab chiqaruvchidan iste'molchiga qadar baliq mahsulotlari qiymat zanjiri bo'ylab akvakul`tura sohasini tahlil qilishdan iborat. Loyiha doirasida xorijiy ilg'or tajribalar asosida va FAO ekspertlari ishtirokida Akvakul`turani rivojlantirish milliy strategiyasi ishlab chiqiladi. Loyihani amalga oshirish akvakultura sohasida yuqori samaradorlikka erishishni ta'minlashi, o'z navbatida, shu soha bilan shug'ullanuvchi fermerlarning turmush darajasini yaxshilashga, shuningdek, O'zbekiston aholisini sog'lom va foydali oziq-ovqat bilan ta'minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
“O'zbekiston to'g'ridan- to'g'ri dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo'lmagan mamlakat hisoblanadi. Biroq, ko'pgina Markaziy Osiyo davlatlari kabi O'zbekiston ham chuchuk suv akvamadaniyatini rivojlantirishga imkon beruvchi boy ichki suv resurslariga, ya'ni daryo va ko'llarga ega. Baliq etishtirish imkoniyatlarining oshishi fermerlar va kishlok axolisiga qo'shimcha daromad topilishiga yordam beradi. Qishloq xo'jaligi faoliyatini diversifikatsiya qilish esa oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlaydi”, — deya ta'kidladi FAO loyihalarining O'zbekistondagi koordinatori Sherzod Umarov.
Qiymat zanjiri milliy nazorati va tahlili FAO mutaxassislari tomonidan milliy hamkorlar ko'magida amalga oshirildi. Vebinar davomida FAOning akvakulturani strategik rejalashtirish bo'yicha xalqaro maslahatchisi Saymon Diffi O'zbekiston akvakulturasining mavjud vaziyat tahlilini taqdim etdi. Taqdimotda akvakultura sohasini rivojlantirish bo'yicha mavjud cheklovlar tahlili hamda xulosa va yakuniy fikrlar yoritib berildi. Ta'kidlandiki, "O'zbaliqsanoat" uyushmasi O'zbekiston baliqchilik va baliq mahsulotlarini etishtirish tarmoqlari vakillarining keng doirasini ifodalovchi asosiy tashkilot hisoblanadi.
“O'zbekistonda baliq iste'moli hozirda yiliga aholi jon boshiga 3-3,5 kilogramni tashkil etadi, bu esa tavsiya etilgan darajadan 10-11 kg kam ko'rsatkich hisoblanadi. Davlatning moliyaviy qo'llab-quvvatlashi orqali soha rivojida ijobiy natijalarga erishildi va sohada so'nggi yillarda ishlab chiqarish quvvati muttasil oshib borishi kuzatilmoqda. Biroq, erishilgan muvaffaqiyatlarga qaramay, baliq mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotish samaradorligini oshirish uchun ko'p ishlar qilinishi kerak”, — deya ta'kidlab o'tdi Saymon Diffi.
Mutaxassislar sohaga doir bir qator tavsiyalar berib o'tishdi, jumladan, sohada qonunchilikni takomillashtirish orqali akvamadaniyatni rivojlantirish uchun kafolatlangan suv ta'minoti tizimini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, ichki va tashqi bozorlar uchun baliq etishtirishda yuqori sifatli baliq ozuqasi bilan ta'minlash, baliq mahsulotlari iste'molini kengaytirish bo'yicha milliy marketing kampaniyasini amalga oshirish hamda shu kabi takliflarni berib o'tishdi.