22 Apr 2025
06:39

    Al-Quvaytda boʻlib oʻtgan forum hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilab berdi

    15-fevral kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Quvaytga rasmiy tashrifi arafasida ushbu mamlakat poytaxtida Oʻzbekiston-Quvayt biznes-forumi boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari hamda 100 dan koʻproq yirik kompaniya va moliya institutlari rahbarlari ishtirok etdi.

    Forumda delegatsiyalarga Oʻzbekiston tomonidan – Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Quvayt tomonidan – Quvayt Savdo-sanoat palatasi rahbari Rabah al-Rabah boshchilik qildi.

    Forumning ochilish marosimida qutlov soʻzi bilan soʻzga chiqqan Laziz Kudratov soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bilan Quvayt oʻrtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini alohida taʼkidladi. Yirik quvaytlik kompaniyalar Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash, qishloq xoʻjaligi, infratuzilma, mehmonxona biznesi, farmatsevtika va koʻchmas mulk sohalarida loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda.

    Mamlakatimizda xorijiy investorlar uchun eng qulay sharoitlar yaratilganligi taʼkidlandi. Xususan, imtiyozlar va preferensiyalar joriy etildi, tadbirkorlar duch kelayotgan toʻsiqlar olib tashlanmoqda, xususiylashtirish dasturi amalga oshirilmoqda, infratuzilmasi rivojlangan oʻnlab EIZlar tashkil qilindi, MDH va Yevropa Ittifoqi bozorlariga bojsiz kirish taʼminlandi.

    Natijada soʻnggi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiyoti qariyb ikki baravar oshdi. Birgina 2024-yilda YAIM 6,5 foizga oʻsib, 115 milliard dollarga yetdi. Xorijiy investitsiyalar hajmi 1,6 barobar koʻpayib, 34,9 milliard dollarni tashkil etdi.

    “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi amalga oshirilmoqda. Uning doirasidagi vazifalar keng koʻlamli islohotlar bilan birgalikda 2030-yilga borib Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotini 200 milliard dollarga yetkazish, daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan, yiliga 110 milliard dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar va 45 milliard dollarlik eksportga ega mamlakat maqomiga erishish imkonini beradi.

    Shu bilan birga, ikki davlat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va sanoat sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish boʻyicha foydalanilmayotgan ulkan salohiyatga eʼtibor qaratildi.

    Shu oʻrinda, agrosanoat tarmogʻi, toʻqimachilik sanoati, togʻ-kon sanoati, energetika va neft-kimyo, sogʻliqni saqlash va farmatsevtika, xususiylashtirish, logistika, aloqa va turizm kabi hamkorlikni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari sanab oʻtildi.

    Oʻz navbatida, Quvayt Savdo-sanoat palatasi rahbari Rabah al-Rabah Oʻzbekistonning ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi hamda Quvayt va Oʻzbekiston tadbirkorlarini hamkorlikni chuqurlashtirishga chaqirdi, ularni tomonlarning yangi loyihalar va tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlashga oʻzaro tayyor ekaniga ishontirdi.

    Biznes-forum doirasida “B2B” va “G2B” muzokaralari va milliy mahsulotlar koʻrgazmasi tashkil etildi. Tadbirkorlar yangi aloqalarni oʻrnatish, qoʻshma loyihalarning muhim jihatlari va tovarlarni oʻzaro yetkazib berish masalalarini muhokama qilish imkoniga ega boʻldi.

    Shuningdek, forum doirasida milliy mahsulotlari koʻrgazmasi tashkil etilib, unda tadbirkorlar tashqi bozorda talab yuqori boʻlgan mahsulotlarni namoyish etdi.

    Tadbir yakunlari boʻyicha qator investitsiyaviy bitimlar va savdo shartnomalari imzolandi. Biznes doiralari vakillariga koʻra, imzolangan hujjatlar qisqa vaqt ichida Oʻzbekiston-Quvayt aloqalarini sezilarli darajada kengaytirish va ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshirish imkonini beradi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech