Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston nafaqat anʼanaviy savdo-iqtisodiy hamkorlar bilan, balki yangi eksport bozorlariga chiqishga qaratilgan yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda muhim oʻrin tutayotgan mamlakatlar bilan ham hamkorlikni faollashtirdi.

Bunday davlatlar orasida Pokiston alohida oʻrin egallaydi. U Janubiy Osiyoda aholi soni boʻyicha ikkinchi oʻrinda turadigan, iqtisodiy rivojlanish salohiyati yuqori boʻlgan mamlakat boʻlib, Oʻzbekiston uning ishtirokida “transafgʻon temir yoʻl yoʻnalishi”ni barpo etish boʻyicha yirik va istiqbolli loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

2022-yil mart oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Pokistonga rasmiy tashrifi boʻlib oʻtdi. Ushbu tashrif davomida strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish boʻyicha oʻzaro niyatlar tasdiqlandi.

2025-yil fevral oyida esa Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning Oʻzbekistonga rasmiy tashrifi amalga oshirildi. Muzokaralar chogʻida savdo, sanoat va transport sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish mexanizmlari muhokama qilindi hamda ikki mamlakat oʻrtasida Strategik sheriklik oliy kengashini tashkil etish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.

Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi oʻzaro savdoda eng koʻp qulaylik yaratish rejimi amal qiladi. Shuningdek, tomonlar oʻrtasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim hamda Tranzit savdosi toʻgʻrisidagi bitim imzolangan.

Ikki tomonlama savdo dinamikasi

2017–2025-yillar davomida Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi 12,2 barobarga oshib, 2025-yil yakunlariga koʻra 445,9 mln dollarni tashkil etdi. Shu davrda Oʻzbekistonning Pokistonga eksporti 32 barobarga oʻsib, 325 mln dollarga yetdi, Pokistondan import esa 4,6 barobarga koʻpayib, 120,9 mln dollarni tashkil qildi.

Eksport hajmining jadal oʻsishi natijasida Oʻzbekistonning Pokiston bilan tashqi savdo saldosi 2019-yildan boshlab ijobiy koʻrsatkichga oʻtdi.

2025-yilda Oʻzbekiston eksporti tarkibi quyidagi yoʻnalishlardan shakllandi:

  • Oziq-ovqat mahsulotlari (qurutilgan dukkakli sabzavotlar, yongʻoq va yeryongʻoq) — 260,2 mln dollar (80%);
  • Sanoat mahsulotlari (ip-kalava) — 21,2 mln dollar (6,5%);
  • Nooziq-ovqat xomashyosi — 13,2 mln dollar (4,1%);
  • Xizmatlar (asosan transport) — 30,1 mln dollar (9,3%).

2025-yilda Pokistondan import tarkibida asosiy ulush quyidagilar hissasiga toʻgʻri keldi:

  • Oziq-ovqat mahsulotlari (goʻsht, kartoshka, sitrus mevalar) — 56,2 mln dollar (46,5%);
  • Kimyoviy mahsulotlar (dori-darmonlar, yuvish vositalari) — 45,3 mln dollar (37,5%);
  • Sanoat mahsulotlari — 6,4 mln dollar (5,3%);
  • Xizmatlar — 4 mln dollar (3,3%).

Investitsiyaviy hamkorlik

2026-yil 1-yanvar holatiga koʻra, Oʻzbekistonda Pokiston kapitali ishtirokida 208 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shundan 18 tasi qoʻshma korxona, 190 tasi esa 100% Pokiston kapitali asosida tashkil etilgan korxonalardir.

2017–2024-yillar davomida Pokistondan Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar va kreditlarning jami hajmi 62,5 mln dollarni tashkil qildi. Bu mablagʻning 47,4 mln dollari 2024-yilning oʻzida jalb etilgan.

Oʻzbekiston–Pokiston investitsiyaviy hamkorligi, asosan, qayta ishlash sanoati tarmoqlarida rivojlanmoqda. Xususan, oziq-ovqat, toʻqimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika yoʻnalishlari bilan birga, transport va logistika sohalari (jumladan, infratuzilma loyihalari) hamda AKT va injenerlik xizmatlarida ham qoʻshma tashabbuslar kengaymoqda.

Transport sohasida hamkorlik

Oʻzbekiston va Pokiston, shuningdek Janubiy Osiyoning boshqa mamlakatlari oʻrtasida savdo hajmini oshirishga toʻsqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri — toʻgʻridan-toʻgʻri temir yoʻl qatnovining mavjud emasligidir.

Shu bois Oʻzbekiston Pokiston ishtirokida “Mazori Sharif – Kobul – Peshovar” temir yoʻl liniyasini qurish loyihasini amalga oshirishdan manfaatdor. Ushbu loyiha mamlakatlar oʻrtasida qisqa va iqtisodiy jihatdan maqbul transport koridorini shakllantiradi.

Loyihaning amalga oshirilishi:

  • Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasida oʻzaro savdo-sotiqni kengaytirish uchun qulay shart-sharoit yaratadi;
  • har ikki davlatning tranzit salohiyatini oshiradi;
  • Markaziy va Janubiy Osiyo hududlarini qisqa transport yoʻlagi orqali bogʻlaydi;
  • Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Pokistonning “Gvadar” va “Karochi” portlariga chiqish imkoniyatini ochadi.