Aliment toʻlovidan qarz boʻlsa, chet elga chiqish mumkinmi?

    AOKAda Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov ishtirokida oʻtkazilgan brifingda aliment majburiyatining qonuniy tartiblari haqida maʻlumot berildi.

    Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksning 4-moddasiga koʻra, har qanday manfaatdor shaxs oʻzining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqi yoxud qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishga haqli. Bu huquq mamlakatimizdan chiqishi vaqtincha cheklangan aliment toʻlovchi shaxslarga ham tegishlidir.

    Aytish kerakki, maʼmuriy sudlar tomonidan 2022-yilning birinchi yarmi davomida ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan 7 ming 704 ta maʼmuriy ish koʻrib chiqilgan. Xususan, davlat ijrochisining aliment toʻlovchi shaxs­ni mamlakatimizdan chiqishini vaqtincha cheklash haqidagi qarorini haqiqiy emas, deb topish toʻgʻrisidagi ishlar ham shular sirasiga kiradi.

    Voyaga yetmagan bolalar taʼminoti uchun alimentlar oldindan toʻlangan yoki aliment toʻlash majburiyatini taʼminlash uchun garov shartnomasi tuzilgan boʻlsa, davlat ijrochisi toʻlov yoki garov shartnomasi toʻgʻrisidagi tegishli hujjat olingan kunning ertasidan kechiktirmasdan manfaatdor shaxslar, ichki ishlar organlari va Davlat chegarasini qoʻriqlash organlarini qarzdor jismoniy shaxsning mamlakatimizdan chiqishga oid cheklovi olib tashlangani toʻgʻrisida yoz­ma ravishda xa­bardor qiladi. Bunda garov qiymati qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqining ikki yuz ellik baravaridan kam boʻlmasligi lozim.

    Biroq amaliyotda ayrim davlat ijrochilari ushbu qo­nun talablarini notoʻgʻri tal­q­in qilgan holda ij­­­ro hujjati boʻyicha qar­z­i yoʻq­ va aliment toʻlash­dan boʻ­­yin tovlamagan aliment toʻlovchi shaxslarga ham mamlakatimizdan chetga chiqishda sunʼiy cheklov qoʻyishdek salbiy holatlar uchrab turibdi.

    Ular bundan norozi boʻlib, maʼmuriy sudlarga murojaat qilganda ularning talablari rad etilayotganidan ham koʻz yumib boʻlmaydi. Chunki qayd etilgan ushbu qonun talabi umumiy qoida boʻlib, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi qonunning 7-moddasida nazarda tutilgan barcha ijro hujjatlari boʻyicha amal qiladi. Qo­nunda sanab oʻtilgan ij­ro hujjatlaridan faqat aliment undirish haqidagi ijro hujjati boʻyicha maxsus qoidalar boshqa qonun va meʼyoriy hujjatlari bilan belgilangan.

    Yaʼni, Oila kodeksining 145-moddasiga koʻra, aliment toʻlashi shart boʻlgan shaxs doimiy yashash uchun yoki uch oydan ortiq muddatga chet davlatga ketayotganida qonunga muvofiq oʻzi taʼminot berishi lozim boʻlgan undiruvchilar bilan ushbu kodeksning 130-134-moddalariga asosan aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv tuzishi shart.

    Aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuvga erishilmagan taqdirda manfaatdor shaxs aliment miqdorini pul bilan toʻ­lanadigan qatʼiy summada belgilash va alimentni bir yoʻla toʻlash toʻgʻrisida yoki aliment evaziga muayyan mol-mulk­ni berish yoxud alimentni bosh­qa usulda toʻlash toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli.

    Voyaga yetmagan bolalar taʼminoti uchun alimentlar oldindan toʻlangan yoki aliment toʻlash majburiyatini taʼminlash uchun garov shartnomasi tuzilgan boʻlsa, shaxs aliment toʻlash toʻgʻrisida kelishuv tuzish majburiyatidan ozod etiladi. Alimentlarni oldindan toʻ­lash, shuningdek aliment toʻ­lash majburiyatini taʼminlash boʻyicha garov shartnomasini tuzish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

    Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 6-oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Alimentlarni oldindan toʻlash, shuningdek, aliment toʻlash majburiyatini taʼminlash boʻ­yicha garov shartnomasini tuzish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 5-bandiga koʻra, alimentlar summasini oldindan toʻlash yoki alimentlar toʻlash majburiyatini taʼminlash boʻyicha garov taqdim etish faqat qarzdorning aliment toʻ­lovlaridan qarzdorligi boʻlmagan taqdiragina amalga oshiriladi.

    Nizomning 8-bandida alimentlarni oldindan toʻlash yoki aliment toʻlash majburiya­tini taʼminlash uchun garov shartnomasining tuzilishi davlat ijrochisi yoki sud tomonidan qarzdor jismoniy shaxsning ilgari belgilangan mamlakatimizdan chiqishini vaqtincha cheklashni olib tashlash uchun asos hisoblanishi koʻrsatilgan.

    Ana shu talablardan koʻrinishicha, aliment undirish haqi­dagi ijro hujjati boʻyicha qarzdor jismoniy shaxsning mamlakatimizdan chiqish huqu­qini vaqtincha cheklash uchun uning aliment toʻlashdan boʻyin tovlashi emas, faqatgina aliment undirish haqidagi ijro hujjatining oʻzi kifoya qiladi. Aks hol­da, yuqorida qayd etilgan qonun va nizomda koʻrsatilgan qoidalar hech qanday ahamiyat kasb etmaydi.