Alisher Navoiy nomidagi Turkiy kengash mukofoti taʼsis etiladi

    Hukumat 31 Mart 2021 2540

    Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining videoanjuman shaklida norasmiy sammiti boʻlib oʻtdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu sammitda ishtirok etib, nutq soʻzladi.

    Oʻzbekiston 2019-yil 15-oktyabrda Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammitida ilk bor uning toʻla huquqli aʼzosi sifatida ishtirok etgandi. Bu anjumanda Prezidentimiz mamlakatimizning Kengashga aʼzo boʻlib kirishining oʻrni va ahamiyati haqida muhim fikrlar bildirib, aʼzo davlatlarning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi oʻzaro manfaatli hamkorligini kengaytirishga doir muhim tashabbuslarni ilgari surgan edi.

    Mazkur anjumanda Prezidentimiz tomonidan bildirilgan yana bir muhim tashabbus – Kengashga aʼzo mamlakatlarning zamonaviy adabiyot va sanʼat, tarix va meʼmorchilik sohasida ulkan yutuqlarga erishgan ijodkorlarini ragʻbatlantirish maqsadida alohida mukofot taʼsis etish toʻgʻrisidagi taklif kun tartibiga qoʻyilgan edi.

    Kengashning bugun boʻlib oʻtgan navbatdagi sammitida gʻoyat muhim va quvonchli voqea yuz berdi: Oʻzbekiston rahbarining ushbu nufuzli mukofotni nafaqat xalqimizning, ayni paytda butun turkiy dunyoning faxru gʻururiga aylangan ulugʻ mutafakkir hazrat Alisher Navoiy nomi bilan atash toʻgʻrisidagi taklifi aʼzo davlatlar tomonidan maʼqullandi.