Bugun erta tongdan Andijon shahridagi Alisher Navoiy haykali poyiga gul qoʻyish marosimi boʻlib oʻtdi. Bu haqda ayni damda tadbirdan xabar tayyorlayotgan Yuz.uz muxbiri Z. Akbarova maʼlum qildi.

Marosimdan soʻng, Andijon viloyatining 2026-yilda “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti” deb eʼlon qilinishi munosabati bilan amalga oshiriladigan tadbirlar muhokama qilindi. Unda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev, sohaning masʼul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida 2026-yil — “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti” doirasida oʻtkaziladigan keng qamrovli madaniy-maʼrifiy tadbirlar rejasi kelishib olindi.

Maʼlum qilinishicha, mazkur maqom doirasida TURKSOY Bosh kotibiyati, Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Andijon viloyati hokimligi oʻrtasida hamkorlikda maxsus tadbirlar dasturi ishlab chiqilgan.

Jumladan, Andijon polkasi raqsini Ginnes rekordlar kitobiga kiritish, xalqaro opera va teatr festivallari, kino va animatsiya festivallarini Andijon shahrida oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, dunyoning 40 nafar eng mashhur fotoustalari ishtirokida Andijon va uning tarixi haqida katta fotoalbom tayyorlanishi belgilangan.

Qayd etilishicha, fotoalbom oʻzbek, ingliz va turk tillarida nashr etilib, “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti — Andijon” ochilish marosimida taqdim etiladi.