– Men Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bitiruvchisiman. Hozir Peshavor universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo mintaqaviy tadqiqotlar markazi direktori lavozimida faoliyat yuritib kelmoqdaman.
Ushbu fursatdan foydalanib, O'zbekiston rahbariyati va xalqini buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi bilan tabriklayman. Darhaqiqat, o'z ijodi bilan turkiy tillarga, xususan o'zbek tiliga yangicha hayot ato etgan Alisher Navoiy o'zbek xalqining faxr-iftixor manbaidir.
Alisher Navoiy ijodi nafaqat o'zbek xalqining, balki barcha turkiy tilli xalqlarning ma'naviy merosidir.
Biz 2021- yil Pokistonda O'zbekiston elchixonasi ko'magi bilan Peshavor universiteti huzuridagi Mintaqaviy tadqiqotlar markazida Alisher Navoiy tadqiqot markazini tashkil etdik. Mazkur markazda Peshavor universiteti, Xayber-Paxtunxva viloyati va Pokistonning boshqa hududlaridagi oliy ta'lim muassasalarida ta'lim olayotgan talabalar, izlanish olib borayotgan tadqiqotchilar va olimlar uchun qulayliklar yaratilgan.
Alisher Navoiy tadqiqot markaziga O'zbekistonning Islomobod shahridagi elchixonasi tomonidan mutafakkir shoirning asarlari, devonlari, nazmiy va nasriy to'plamlari, Alisher Navoiy hayoti va ijodiga bag'ishlangan ilmiy tadqiqotlar va maqolalar taqdim qilingan.
Navoiy ijodi nafaqat o'zining jozibadorligi, turkiy lafzning bor go'zalligini namoyish etishi bilan, balki turli yoshdagi insonlar tomonidan birdek sevib mutolaa qilinishi bilan ham ajralib turadi.
Hazrat Alisher Navoiyning asarlari butun insoniyat uchun buyuk ilm manbai, ulkan dasturul amaldir. Navoiy ijodi hozirgi kunda ham dolzarb bo'lib, insonlarga hayot haqiqatlarini anglashga, nozik insoniy tuyg'ularni tushunishga ko'maklashmoqda.
Professor Shabir Ahmad Xonning mazkur tabrigi "Dunyo" AA da e'lon qilindi.