Boʻlib oʻtgan onlayn munozara chogʻida vazirlik davlat rahbarining yangi tayinlangan maslahatchisiga Oʻzbekistonda energetika sohasini yana-da isloh qilish uchun Energetika vazirligining xalqaro moliya institutlari (XMI) bilan hamkorlik koʻlami toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
2019-yilda Energetika vazirligi huzurida Elektr energetikasini isloh qilish boʻyicha loyiha ofisi tashkil etildi, unga mahalliy mutaxassislar bilan bir qatorda koʻplab mamlakatlarning energetika sohalarini isloh qilish boʻyicha tajribaga ega boʻlgan 12 ta xalqaro maslahatchilar jalb qilindi. Xususan, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining maslahatchilari “Elektr energiyasi toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahririda qatnashmoqda, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki mutaxassislari raqobatbardosh elektr energiyasi bozorini modellashtirish ustida ishlamoqda.
Xalqaro ekspertlarning fikriga koʻra, elektr energiyasining raqobatbardosh ulgurji bozoriga oʻtishining asosiy yoʻli – davlat tomonidan quyidagi shartlarning bajarilishi hisoblanadi:
- bozorning barcha ishtirokchilari, ham davlat, ham xususiy kompaniyalar uchun teng sharoitlar yaratish;
- bozor ishtirokchilari oʻrtasida oʻzaro hisob-kitoblarning shaffof onlayn tizimini yaratish;
- yagona elektr energiyasi tizimiga ulanish uchun texnik reglamentlarni ishlab chiqish va tasdiqlash – bozorning barcha ishtirokchilari uchun «Grid kod» (Elektr tarmoqlari kodeksi).
Yuqoridagi shart-sharoitlarni taʼminlash uchun birinchi bosqichda mustaqil komissiyadan iborat bozor regulyatori, shuningdek, elektr energiyasini sotib olish va sotish boʻyicha barcha bitimlarni amalga oshiradigan onlayn platformali bozor operatori (davlat kompaniyasi)ni yaratish kabi choralarni koʻrish zarur.
Yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish boʻyicha xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik ham muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Xususan, Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK), Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YETTB) va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) bilan hamkorlikda 2025-yilgacha 2 GVt quvvatga ega quyosh energiyasini ishlab chiqaruvchi FES va 1 GVt quvvatga ega shamol elektr stansiyalarini qurish uchun potensial investorlarni aniqlash boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Loyihalar davlat-xususiy sheriklik mexanizmi yordamida amalga oshiriladi. Hozirda XMI koʻmagi bilan Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida har biri 200 MVt quvvatga ega uchta quyosh elektr stansiyalarini qurish, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish boʻyicha tender oʻtkazilmoqda.
Joriy yilning fevral oyida XMKning texnik koʻmagi bilan “Sirdaryo viloyatida DXSH asosida 1200-1500 MVt quvvatga ega issiqlik elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun tender eʼlon qilindi. Tender gʻolibini aniqlash 2021-yilning birinchi choragida rejalashtirilgan.
Joriy yilning 4-noyabr kuni OTB va YETTB koʻmagida “Tallimarjon issiqlik elektr stansiyasini umumiy quvvati 900 MVtdan kam boʻlmagan navbatdagi ikki dona bugʻ-gaz qurilmalarini qurish bilan kengaytirish” investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun tender eʼlon qilindi.
Shuningdek, JAYKA (Yaponiya) texnik koʻmagi bilan “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ korxonalarida XMHS (Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari) ni joriy etish boʻyicha loyiha amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, XMI mutaxassislari va maslahatchilari koʻmagida:
- neft va gaz sohasini yana-da isloh qilish boʻyicha amalga oshirish rejasini taqdim etgan holda tavsiyalar tayyorlandi;
- “2030-yilgacha gaz uzatish tizimini rivojlantirishning Bosh rejasi” ishlab chiqildi;
- tariflarni shakllantirish boʻyicha xalqaro amaliyotni joriy etish yuzasidan tavsiyalar tayyorlandi va tariflar boʻyicha metodologiyani tayyorlash xususida ishlar olib borilmoqda.
Onlayn muzokara chogʻida tomonlar ushbu sohaning boshqa tarmoqlarga va umuman mamlakatning investitsiya muhitiga taʼsirini hisobga olgan holda yoqilgʻi-energetika kompleksi sohasini isloh qilish muhimligini taʼkidladilar.
S.Chakrabarti islohotlarni amalga oshirish boʻyicha vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar va ularning toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etishga ijobiy taʼsirini yuqori baholadi.
2021-yil yanvar oyida rejalashtirilgan navbatdagi uchrashuvda muhokama qilinadigan tavsiyalarni ishlab chiqish va tahlil qilish uchun Prezident maslahatchisiga islohotlarning borishi yuzasidan batafsil maʼlumot berish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.