Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi axborot xizmatiga koʻra, tegishli tashkilotlar tomonidan ushbu yodgorlikda restavratsiya ishlarini bajarish maqsadida ilmiy asoslangan xulosalar yordamida loyiha takliflari ishlab chiqilgan. Loyiha Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashida maʼqullangan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 10-martdagi “2022-yilda turizm va madaniy meros obyektlari infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Samarqand shahrida joylashgan “Amir Temur” majmuasida gumbaz va devor old qismi, galereyaning pol qismlari va peshtoq mukarnaslarini qayta taʼmirlash uchun 3 milliard soʻm mablagʻ ajratilgan.

Manbalarga koʻra, Amir Temur maqbarasini restavratsiya qilish ishlari bundan yarim asrdan ziyod vaqt oldin, yaʼni 1941-yilda amalga oshirilgan. 1996-yilda esa bu tarixiy maskanda qisman taʼmirlash ishlari olib borilgan.

6 asrlik tarixga ega buyuk sarkarda maqbarasida olib borilayotgan restavratsiya jarayonlari Madaniy meros agentligi nazorati ostida va unga malakali usta-restavrator, xattot, olim, injenerlar va boshqa soha mutaxassislari jalb etilgan.

2021-yilda Eron va Turkiya davlatlaridan kelgan malakali mutaxassislar Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlaridagi moddiy madaniy meros obyektlarini oʻrganishgan.

Ekspertlar tomonidan tarixiy obidalarning holati, ularni asrashga doir ishlarni amalga oshirish yuzasidan xulosalar berilgan. Hozirda amalga oshirilayotgan ishlar ham aynan xorijiy tajribani oʻrgangan holda, jahonning yetuk mutaxassislarining ilmiy asoslangan xulosalari asosida mahalliy usta-restavratorlar tomonidan amalga oshirilmoqda.

Mutaxassislarning fikricha, Markaziy Osiyo meʼmorchiligining noyob asari sifatida eʼtirof etiladigan Amir Temur maqbarasi Samarqandning janubiy-gʻarbiy qismida joylashgan boʻlib, XIV asr oxirida Temuriy shahzoda Muhammad Sulton tomonidan qurilgan madrasa yonida tiklangan. Maqbara qurilishi Amir Temur hukmronligi davrida boshlanib, Mirzo Ulugʻbek davrida tugallangan.

Temuriy hukmdor Mirzo Ulugʻbek buyuk bobosiga yuksak ehtiromi ifodasi oʻlaroq, ushbu maqbarani Temuriylar avlodi dafn etiladigan maqbaraga aylantiradi. Maqbara bitgach, Amir Temurning maʼnaviy ustozi Mir Sayyid Barakaning jasadi shu maqbaraga koʻchiriladi. Binoning ichki bezaklari yangilanadi, maqbara sahniga daxmalar qoʻyilib, atrofiga marmar toshdan nafis panjara ishlanadi. 1424-yilda uning sharq tomoniga maqbaraga olib kiruvchi koʻp gumbazli galereya qurilgan.

Maqbarada Amir Temurning oʻgʻillari — Mironshoh va Shohruh sulton dafn qilingan. Maqbaraning gʻarb va janub tomoniga yondosh qilib qurila boshlangan, lekin chala qolgan ulkan imoratlar Mirzo Ulugʻbek hukmronligining soʻnggi yillariga toʻgʻri keladi. 1449-yilda vafot etgan Mirzo Ulugʻbek ham ushbu maqbarada mangu qoʻnim topgan.

Ushbu tabarruk maskanlar yurtimiz va xorijiy sayyohlarning doimiy eʼtibori va hayratiga sazovor boʻlib kelayotgan tarixiy obidalardan sanaladi.