Amir Temurning shaxsi va uning salomatligi arxiv hujjatlarida aks etgan

    Oʻzbekiston Ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari milliy arxivi tibbiyot hujjatlari asosida kasallik tarixini oʻrganish, yoʻq boʻlib ketgan kasalliklar haqidagi hujjatlarni saqlash, kelajak avlod bu hujjatlardan ilmiy ishlar, monografiyalar yozishda foydalanishlariga imkoniyat yaratish maqsadida tashkil etilgan.

    Bundan tashqari, arxivda ilm-fan, texnika, sanoat, transport, aloqa, konstruktorlik, irrigatsiya, qishloq va xalq xoʻjaligi, shuningdek, ilmiy-loyihaviy sohalarga taaluqli hujjatlar, shu bilan birga fan tarmoqlari rivojiga salmoqli hissa qoʻshgan fan arboblari, akademik, professor va olimlarning shaxsiy hujjatlari saqlanadi.

    Bugungi kunga qadar arxivda 300 000 mingdan ortiq yigʻma jildda 1925-yildan buyongi maʼlumotlar saqlanadi. Bulardan 20 000 ga yaqin hujjat alohida qimmatli hujjatlar hisoblanadi. Ulardan biri Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, professor S. Molchanovning buyuk Amir Temur toʻgʻrisida yozgan maqolasidir. Unda jumladan, shunday qiziqarli maʼlumotlar keltirilgan:

    “Maʼlumki, Amir Temurning hayoti va faoliyati toʻgʻrisida juda koʻplab tarixiy asarlar yaratilgan. Ushbu asarlar har biri muallifning nuqtayi nazari va Temur shaxsiga munosabatiga koʻra bir-biridan farq qiladi. Albatta Amir Temur shaxsi va uning hukmronlik faoliyati toʻgʻrisida yaratilgan asarlar orasida u bilan zamondosh boʻlgan, ayni shu davrda yashab ijod qilgan tarixchilarning asarlari muhim tarixiy ahamiyatga egadir.

    Amir Temur ibn Amir Toragʻay 1336-yil 9-aprelda Kesh (Shahrisabz) shahrining Xoʻja ilgʻor qishlogʻida barlos urugʻiga mansub bek amir Muhammad Taragʻay xonadonida dunyoga kelgan. Amir Temurning otasi bahodir jangchi boʻlishiga qaramay, ilm ahliga homiy va ishtiyoqmand kishi boʻlgan. U yoshligidan xat-savod chiqarib, oʻz davrining tibbiyot, riyoziyot, falakiyot, meʼmorchilik va tarix ilmlarini oʻrgangan. Sohibqiron yorqin xislatlarga ega, xotirasi oʻtkir, shijoatli va qatʼiyatli, bir soʻzli, zoʻr ruhiy qudrat egasi, salobatli inson sifatida taʼriflanadi. U yoshlik chogʻlaridanoq buyuk sarkarda boʻlishga intilgani bois oʻz tengdoshlari orasida muvafaqqiyat qozongan. Uzun boʻyli, salobatli, mohir chavandoz boʻlgan Temur tashkilotchilik va harbiy isʼtedodda ham benazir edi. Tinimsiz yurishlar, janglar oqibatida sarkarda 26 yoshida oʻng qoʻli va oʻng oyogʻidan jarohat olgan. Oʻng qoʻli tirsak qismidagi jarohati tufayli qoʻli qayrilmagan hamda barmoq qismi zararlangan boʻlgan. 1362-yil Seiston jangida oʻng oyogʻi ogʻir jarohatlangan, buning oqibatida buyuk sarkarda oqsoqlanib qolgan. Shunga qaramay, sarkarda qilichining zarbi juda kuchli edi. Yoshi oʻtgan paytlarda ham Amir Temur sogʻlom va kuchli boʻlgan.

    Sarkarda 1404-yilning 27-noyabrida 200 ming qoʻshin bilan Samarqanddan Xitoy safariga chiqdi. Yurish vaqtida Amir Temur xastalanib qoladi. Xitoy ustiga yurishi Amir Temurning 69 yoshida toʻsatdan vafot etishi (1405-yil 18-fevral) tufayli amalga oshmay qoldi. Sarkardaning jasadi Samarqandga olib kelingan. Buyuk sarkarda “Goʻr-Amir” maqbarasiga koʻmilgan. Goʻri Amir maqbarasi jahonga mashhur va Oʻrta Osiyo meʼmorchiligining noyob asari sifatida eʼtirof etiladi. Maqbara qurilishi 1403-yilda Amir Temurning vorisi Muhammad Sultonning vafot etishi munosabati bilan boshlangan, Mirzo Ulugʻbek davrida tugallangan hamda Amir Temur va temuriylar xilxonasiga aylantirilgan.

    1941-yil 19-iyunda sobiq ittifoq davrida Amir Temur shaxsini oʻrganish maqsadida maxsus komissiya tuzilib, guruhga tilshunos olim A.Semyonov, antropolog olim M. Gerasimov, taniqli yozuvchi S. Ayniylar kiritildi (oʻsha paytlar Amir Temur haqida asar yozish S. Ayniyning orzusi edi). Taniqli kinorejissyor Malik Qayumov esa ish jarayonini tasvirga oluvchi bosh operator etib tayinlandi. M. Gerasimov boshchiligida “Goʻr-Amir” maqbarasi ochilgan. Tobutda Amir Temurning bir necha qavat mato va kimxob bilan oʻralgan suyagi yotgan, boshi qiblaga qaratilgan, qoʻllari toʻgʻrilangan, panjalari yoyilgan boʻlgan. Antropolog olim M. Gerasimov tobut ustidagi oxirgi taxtalarni olayotganida qandaydir tasvirlab boʻlmas xushboʻy hid atrofga taralgan. Qabr ichida bir baquvvat bahodir odam yotganligi sezilib turardi. Buyuk lashkarboshining oʻng oyogʻidan yaralangani izlari uning suyaklarida ham saqlanib qolgan edi. Antropolog olim M. Gerasimov ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borgan hamda sarkardaning bosh suyagi yordamida uning qiyofasini ishlab chiqqan. Professor S. Molchanov tomonidan Amir Temur suyaklari rentgenologik tekshiruvlardan oʻtkazilgan. Natijalar oʻrganib chiqilganda oʻng tirsak boʻgʻini va oʻng tizza boʻgʻinida jarohat izlari boʻlgan. Chap qoʻl suyaklari va chap oyoq suyak boʻgʻimlarida hech qanday patologik oʻzgarishlar aniqlanmagan.

    Rentgenologik tekshiruvlar natijasida Amir Temurning oʻng tirsak va oʻng tizza boʻgʻinidagi oʻzgarishlar olingan jarohatlar oqibatida kelib chiqqani aniqlangan. Temurning kuchli, baquvvat organizmi bu jarohatlarga dosh bera olgan. Tadqiqot natijalaridan Amir Temur jismonan baquvvat boʻlganligi va juda kam kasal boʻlganini bilish mumkin edi.

    Amir Temur 35 yil davomida mamlakatni boshqardi. Koʻpdan-koʻp harbiy yurishlar va jangu jadallarni amalga oshirdi. Koʻp mamlakatlar zabt etildi. Oqibatda Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizga qadar va Orol dengizidan Fors qoʻltigʻiga qadar boʻlgan gʻoyat katta hududni qamrab olgan ulkan saltanatni vujudga keltirdi. Bundan tashqari, Kichik Osiyo, Suriya, Misr va Quyi Volga, Don boʻylari, Balxash koʻli va Ila daryosi, Shimoliy Hindistongacha boʻlgan mamlakatlarni oʻziga boʻysundirdi. Bu mamlakatlardan Amir Temur katta oʻljalar bilan bir qatorda koʻzga koʻringan olimlar, hunarmandlar va mohir ustalarni Samarqand, Shahrisabz va Buxoroga koʻchirib, olib keldi. Bu shahar va qishloqlar obod qilindi. U nafaqat Movarounnahr va Turkistonni obod qildi, balki boʻysundirilgan mamlakatlarning shaharlarini ham qayta qurdirdi.

    Saodat KUCHKAREVA,

    Oʻzbekiston ilmiy-texnika va tibbiyot hujjatlari

    milliy arxivi katta ilmiy xodimi