Tadbir doirasida OAV vakillari uchun infotur tashkil etildi. Oxirgi yillarda Prezidentimiz tomonidan turizm va sport sohalarini rivojlantirishga qaratilayotgan katta eʼtibor natijasida turizmning barcha turlari, jumladan qishki turizmni rivojlantirishga oid ishlar jadal olib borilmoqda.

Bundan tashqari, qishki sport turlarini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. 2019-yilning dekabr oyida “Amirsoy” togʻ-changʻi kurortining ochilish marosimida jurnalistlarimiz bilan birga qatnashgan edik. Hozirga kelib “Amirsoy” koʻpchilik yurtdoshlarimizning sevimli dam olish maskanlaridan biriga aylanib ulgurdi. 26-dekabr kuni Turizm va sport vazirligi qoʻllab-quvvatlashi ostida “Amirsoy Express” yangi dor yoʻli ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Ushbu yangi dor yoʻlining qurilish davri 2021-yilning 1-may kunidan to shu yilning 15-dekabriga qadar davom etdi. Bu yerdagi kabinalar soni 74 tani tashkil etib, kabina sigʻimi 10 kishiga moʻljallangan. Yangi dor yoʻlida sayohat vaqti 9 daqiqadan iborat boʻlib, harakat tezligi 6 m/s tashkil qiladi.

Dam olish maskanlarimizda bunday xizmatlarning yoʻlga qoʻyilishi oxir-oqibat Oʻzbekiston turizmida mavsumiylik tushunchasining yoʻqolishiga olib keladi, yaʼni sayyohlar qaysi mavsum boʻlishidan qatʼi nazar, yurtimizga sayohat qilib, maroqli dam olishlari mumkin boʻladi.