O‘zbekiston ko‘p millatli mamlakat. Unda 130 dan ortiq millat va elat, 15 ga yaqin diniy konfessiya faoliyat yuritadi. Tillar har xil, tarixlar turlicha, qadriyatlar, urf-odatlar, an’analar va turmush tarzi rang-barang. Lekin maqsad yagona — istiqbol orzusi barcha xalqlar va millatlarni birlashtirib turadi. E’tiqodlar turlicha, ibodatlar har xil, taqvoning turi ko‘p. Biroq boradigan yo‘limiz bitta. Bu umummilliy birlikning o‘ziga xos, havas qilgulik ko‘rinishi. Umummilliy birlik, umummilliy yakdillik, maqsadlar mushtarakligi taraqqiyotimizning asosi, buyuk kelajagimizning garovi.
Qoraqalpog‘istonga safarimiz davomida bunga yaqqol guvoh bo‘ldik. Qoraqalpoq xalqi — o‘z tarixi, madaniyati, qadriyatlariga ega xalq. Ana shu jihatdan aytish mumkinki, qoraqalpoq xalqi ko‘p millatli O‘zbekiston xalqining gavhari. Bu gavharning betakror jilolarida, rang-barang tovlanishlarida qardoshlikning, qondoshlikning, jondoshlikning, o‘tmishiyu kelajagi mushtarak bo‘lgan buyuk ideallarning ifodasini ko‘rdik. Ko‘cha-ko‘yda, uchrashuvlarda yuzlab odamlar bilan yuzma-yuz turganda bu ezgulik va xushvaqtlikning yorqin mazmunini angladik. Bu hammamizning boyligimiz, hammamizning ma’naviy qudratimiz. Zotan, O‘zbekiston xalqining qudrati uning birligida, hamjihatligida, bir-birining taqdiriga daxldorligida va taqdirdoshligida. O‘zbekiston xalqining buyuk qudrati — uning millati, elati, diniy e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi va boshqa jihatlaridan qat’i nazar, O‘zbekiston deb atalgan salkam 40 millionli ulkan xonadonimizning, muqaddas oilamizning taqdiriga javobgarlik tuyg‘usining balandligida, taqdirdoshlik hissining mustahkamligida. Bu, aytish mumkinki, eng katta kuch, beqiyos qudrat.
“Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida tumanlar, shaharlar bo‘ylab safarimiz boshlandi. 12-15 avgust kunlari Qoraqalpog‘iston bo‘ylab “Mustaqillik to‘yi” tadbirlari jo‘shqin va bayramona o‘tkazildi. Tadbir doirasida ko‘pdan-ko‘p ma’rifiy uchrashuvlar, kitob aksiyalari, milliy liboslar fleshmobi, kinolar namoyishi, harbiy xizmatchilar bilan uchrashuv, vatanparvarlik uchrashuvlari, xayriya tashriflari, bolalar uchun bayram dasturlari va katta konsertlar tashkil etildi. Tadbirlar turlicha, rang-barang, shakl va uslub jihatidan bir-birini takrorlamaydigan, xalqchil, sodda, ammo ta’sirchan holda o‘tkazildi.
Festival faqat katta sahnalarda emas, to‘g‘ridan to‘g‘ri aholi orasida, turar joylar, mahallalar, maktablar, o‘quv yurtlari maydonlarida bo‘lib o‘tdi. Bayram ruhi ko‘chalarga, ko‘chalardan maydonlarga, maydonlardan yoshu qarining qalbiga, shuuriga ko‘chdi.
Jamoamiz guruhlarga bo‘linib, 34 ta yirik ijtimoiy loyiha va ommaviy aksiyani amalga oshirdi. 120 dan ortiq ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va sport tadbiri tashkil etildi. Ularda 40 mingga yaqin odam ishtirok etdi. Nukus shahri va 16 tumandagi 110 dan ortiq mahalla va ovul fuqarolar yig‘inlari qamrab olindi. Bularning barchasida katta samimiyatni, e’tiqodni, Vatan va uning taqdiri bilan bog‘liq his-tuyg‘ularni ko‘rish mumkin.
Qonliko‘l tumanida “Mustaqillik soatlari” loyihasi doirasida olimlar, yozuvchi-shoirlar, san’atkorlar hamda mahalliy aholi bilan o‘tkazilgan uchrashuv chin ma’noda “Mustaqillik to‘yi”ga aylandi. Bu yerda istiqlolning tarixiy, ijtimoiy, huquqiy, ma’naviy va siyosiy mohiyati tushuntirib berildi. Mustaqillik yillarida erishilgan, xususan, keyingi yillarda qilingan ishlar haqida fikr yuritildi. Darhaqiqat, yangi O‘zbekiston — yangi tafakkurdagi inson, yangicha fikrlaydigan jamiyat va jahon sivilizatsiyasi bilan barobar qadam tashlaydigan zamonaviy davlat. Xalqimizning eng katta boyligi va ma’naviy qudrati ana shunda.
Aholi bilan yuzma-yuz uchrashuvda yana bir muhim mavzuga alohida e’tibor qaratildi. Bu yosh avlod va kelajak masalasi edi. Dunyo tez o‘zgarayotgan, insoniyat qadriyatlardan uzoqlashayotgan (A.Guterrish), axloqsizlik va ma’naviy tubanlik chuqurlashib borayotgan (P.Byukenen), insoniyat tafakkurida keskin o‘zgarishlar yuz berib, insoniy mohiyatini yo‘qotayotgan (F.Fukuyama) bir paytda O‘zbekiston deb atalgan mo‘tabar oilamizda, fayzli va qut-barakali xonadonimizda ma’naviyat, ma’rifat va tarbiya asos qilib olingani, unga davlatimiz rahbarining o‘zi rahnamolik qilayotgani butun xalqimizning jahon hamjamiyatidagi irodasini, mustahkam xulq-atvorini va qat’iy e’tiqodini namoyon etayotganiga alohida urg‘u berildi.
Qaysidir davlatlar katta iqtisodiy imkoniyati, boshqalari hayratomuz harbiy salohiyati va boshqa jihatlari bilan o‘zini ko‘z-ko‘z qilayotganda O‘zbekiston xalqi tarixan kamol topgan, bir necha sivilizatsiyalar jarayonida shakllangan, sof insoniy qadriyatlarga asoslangan insoniylik fazilatlari va genetik asosga ega tarbiya belgilari bilan ulardan ustun turadi. Bu — yangi O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi faqat o‘zigagina xos qudrati va mustahkam irodasining tayanchi.
Qo‘ng‘irot tumani o‘zining ishlab chiqarish salohiyati, sanoat, transport sohasidagi keng imkoniyatlari, yer osti va yer usti boyliklari bilan nafaqat Qoraqalpog‘istonning, balki butun O‘zbekistonning taraqqiyotida alohida mavqega ega. Bu yer Markaziy Osiyoda yagona soda ishlab chiqarish majmuasi, qadimiy, butun mintaqa bilan bog‘langan kichik ipak yo‘li maqomidagi temir yo‘l, neft-gaz zaxiralari va albatta, katta hajmdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan ham alohida ahamiyat kasb etadigan tuman. Uning markazi o‘ziga xos zamonaviy shaharchaga aylangan. Keng va ravon asfalt yo‘llar, kechqurunlari ko‘zni qamashtiradigan, bayramona tus beradigan rang-barang chiroqlar, daraxtlar bilan o‘ralgan atrof-muhit dillarni yayratadi. Yoshlar istirohat bog‘i chinakam ma’naviyat va ma’rifat maydoniga aylangan. Bog‘da olis o‘tmishdan boshlab bugungacha daxldor bo‘lgan, milliy madaniyatimiz taraqqiyotiga muhim hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimizning siymolari va betakror hikmatlari zamonaviy me’moriy yechimlar va bezaklar orqali tarixiy-xronologik tarzda joylashtirilgan. Ularning har biri siymosida o‘z ulug‘vorligi, mahobati va millat taraqqiyoti bilan bog‘liq betakror madaniyatimizga daxldorlik yaqqol ko‘rinib turadi. Maydonda barpo qilingan 2000 o‘rinli amfiteatr Yoshlar istirohat bog‘ining fayzli go‘shasidir. Bu yerda zamonaviy ma’naviyat va ma’rifat targ‘ibotining namunali ko‘rinishini ko‘rdik. Butun maydonda fayz, baland ruh va ko‘tarinki kayfiyat yaqqol seziladi. 500 dan ortiq tomoshabin yig‘ilgan ushbu amfiteatrda Toshkentdan borgan taniqli san’atkorlar va mahalliy namoyandalar ishtirokida katta bayram bo‘lib o‘tdi. Qo‘ng‘irot tumani aholisi, xususan, yoshlarining nigohida “Mustaqillik to‘yi”ning asl mazmunini ko‘rish mumkin edi.
Qo‘ng‘irotdagi eng zamonaviy me’moriy yechimlarga ega, fayzli tadbirlar zali mahobati va ko‘rki bilan alohida ajralib turadi. Zalni to‘ldirib o‘tirgan 600 dan ortiq ayollar, onalar, qizlar jamlangan anjumanda so‘z ona va ona Vatan haqida bordi. Zotan, ona — hayotning ibtidosi, millat davomchisi, avlodlar sarchashmasi. Uni asrash millatni asrashdir. Onaning muqaddasligi, Vatanning muqaddasligi va uning millat istiqboli ekani barcha ishtirokchilarda shodlik bilan birga burch va mas’uliyat, o‘zaro daxldorlik hislarini uyg‘otdi.
Xalqimizning ajoyib udumi bor. To‘yga borsa, to‘yona bilan odamlarning ruhini ko‘tarish, ularga rag‘bat va ishonch bag‘ishlash odatimizga aylangan. Bu bizning bir necha ming yillik qadriyatlarimizning ajralmas qismidir. “Mustaqillik to‘yi” ham xalqimizning bu ezgu odatini yana bir bor namoyon qildi. O‘nlab tuman va shaharchalarda minglab odamlar huzurida bo‘ldik, ular bilan suhbatlar qurdik.
San’atkorlar qo‘shiqlar kuyladi, shoirlarimiz ularga bag‘ishlab mehr, muruvvat, ehtirom va qadr-qimmat haqida she’rlar o‘qidi. Bu borada O‘zbekiston xalq artistlari Gavhar Zokirova, Mansur Toshmatov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod, mahalliy san’atkorlardan O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Mirzagul Sapayeva, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Eliza Aytniyazova hamda Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan artist Dariboy Xo‘jabergenovning chiqishi ko‘pchilikning quvonchiga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, Eliza va Dariboyning akademik janr — opera yo‘nalishidagi chiqishlari alohida jo‘shqinlik va bayramona ruh baxsh etdi.
“Ezgulik karvoni” loyihasi doirasida Qonliko‘l, To‘rtko‘l, Kegeyli, Beruniy, Ellikqal’a tumanlarida va Nukus shahrida nuroniylar, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar holidan xabar olindi. Ular bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Amaliy ko‘mak va bayram sovg‘alari yetkazildi. Ana shu tashriflar doirasida 150 dan ortiq xonadonga borildi. Sovg‘a-salomlar, ijtimoiy yordamlar ko‘rsatildi. Eng muhimi, insoniy mehr umummilliy daxldorlik, hamdardlik va mehr-muhabbat namoyishiga aylandi. “Siz hamisha e’tiborimizdasiz, siz yolg‘iz emassiz” degan sof umummilliy tuyg‘u, insoniy mehr ustuvorlik qildi.
“Mustaqillik to‘yi” festivalining mazmuni keng, shakl va usullari rang-barang bo‘ldi. Beruniy tumanida “Milliy liboslar fleshmobi” o‘tkazildi. Unda 500 dan ziyod ishtirokchining zamonaviy, ixcham, ayni paytda g‘oyat milliy kiyinish an’analariga mos keladigan liboslardagi chiqishlari o‘zining bichimi, milliyligi va qadriyatlarimizga mosligi bilan alohida ajralib turdi. Ulardan har birining chiqishi alohida olqishlar bilan kutib olindi.
Qorao‘zakda “Kitob karvoni” aksiyasi tashkil etildi. Unda 500 dan ortiq kishi, xususan, yoshlar ishtirok etdi. Kitobxonlik, ma’rifat hayotimiz mazmuniga aylanayotgani yana bir bor e’tirof etildi. Har qanday buzg‘unchi g‘oyalardan, chaqiriqlar va da’vatlardan asrovchi qudratli vosita ma’rifat ekani, yuksak ma’naviyat va axloq hayotiy ehtiyoj ekani yana bir bor tasdiqlandi. Albatta, bu ikki tadbir shakli, tashkiliy jihatlari va ko‘rinishi bilan bir-biridan farq qiladi. Biri milliy liboslar, estetik did, kiyinish madaniyati, yurish-turish odobiga doir. Ikkinchisi esa kitob va kitobxonlik, tafakkur va aql ustunligi, ma’rifat va ma’naviyat zarurati bilan bog‘liq tadbirdir. Ammo ularni bitta mohiyat, bitta mazmun birlashtirib turdi. O‘z qadriyatlarini asray bilgan, milliy xususiyatlarini yo‘qotmagan millat kelajagini asray olishi muqarrar. Ma’rifat, tafakkur, bilim — yangidan-yangi ¬tashabbuslar, betakror g‘oyalar, taraqqiyotning yangi bosqichiga asos bo‘ladigan loyihalar sarchashmasi. Demak, milliy kiyim va matoda ham, kitoblar va ularning sahifalarida ham millatning qadimiy va boy xotirasi, keng dunyoqarashi, ma’nan sog‘lom, ma’rifiy jihatdan yuksak va barkamol qiyofasi mujassam. Qoraqalpog‘istondagi tadbirlar ana shu ulug‘ g‘oyaga asoslandi.
Keng miqyosli festival dasturida yoshlar mavzusi alohida e’tiborga olindi. Zotan, yoshlar — otalar ishining davomchisi. Bugun biz barpo etayotgan yangi O‘zbekiston, biz qurayotgan Uchinchi Renessans poydevori kimning qo‘lida qoladi? Keyingi avlod bu ezgu maqsadlarimizni, buyuk ideallarimizni davom ettirib, ro‘yobga chiqara oladimi? Qalqib turgan dunyoda, yangi dunyo tartibotini vujudga keltirish, dunyoga egalik qilish istagi kuchayib borayotgan bir paytda Markaziy Osiyoning, jumladan, O‘zbekistonning birligini, daxlsizligini asray oladimi? Albatta, har qanday ota o‘z oilasi va uning kelajagi haqida fikr yuritar ekan, shodiyonaga to‘la to‘y zavqu shavqi bilan birga farzandlarining taqdirini ham o‘ylaydi. Ana shu o‘y yoshlar bilan muloqot jarayonida biz — katta avlodda ham sezildi.
Yoshlar bilan ishlash, ularning ichiga kirish, qalb kechinmalari va orzu-istaklariga sherik bo‘lish maqsadida qator tadbirlar o‘tkazildi. “Shijoat” loyihasi doirasida harbiy xizmatchilar huzurida bo‘ldik. Harbiy bilim yurti kursantlari bilan uchrashdik. Harbiy xizmatchilarning oila a’zolari, farzandlari bilan suhbatlashdik. Nukus shahridagi Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugda 650 dan ortiq kursant, harbiy xizmatchi, ularning oilasi va farzandlari ishtirok etdi. Vatan himoyasi, harbiy xizmatning sharafi va mas’uliyati haqida fikrlashdik. Chin ma’noda, harbiy xizmatchilar hayot rohat-farog‘atini, shaxsiy erki va ozodligini aql bilan Vatan himoyachisidek sharafli va g‘oyat mashaqqatli, sutkaning xohlagan paytidagi har qanday jangovar topshiriq majburiyatiga almashtirgan. Buning uchun odamga katta shijoat, fidoyilik, Vatan va millat taqdiri uchun javobgarlik hissi kerak. Harbiylar ana shunday el ardog‘idagi odamlar. Chunki Vatan tuyg‘usi, vatanparvarlik, zarur paytda Vatan uchun fidoyilik qalbda tug‘iladi va shakllanadi. Kasbiy mahorat va sohaning o‘ziga xos jihatlarini faqat maxsus ta’lim va tajriba orqali o‘zlashtirish mumkin. Qalb da’vati va shijoati esa har narsadan ustun. Biz harbiy xizmatchilar va kursantlar bilan uchrashuvda bunga yana bir bor guvoh bo‘ldik.
Bolalar — millatning navnihollari. Ko‘p millatli xonadonimizning zavqu shavqi, orzu-umidi, istiqbol chechaklaridir. “Yangi O‘zbekistonning baxtiyor bolalari” tadbirlari festivalning eng samimiy va quvnoq tadbirlaridan biriga aylandi. Taxiatosh tumanidagi “Aydin jol” oromgohida dam olayotgan bolalar bilan uchrashuv mazmunli bo‘ldi. Dam olayotgan bolalarning badiiy chiqishlari baxtiyorlik, kelajak orzusi ifodasi bo‘ldi. Bu yerda she’rlar, qo‘shiqlar aytildi. Ularga maxsus badiiy kitoblar va esdalik sovg‘alar topshirildi. Bolalarning quvonchi — har qanday bayramning fayzidir. Safarimiz davomida 350 dan ortiq bayram sovg‘alari, kitoblar va o‘quv qurollari to‘plami sovg‘a qilindi.
Festival doirasidagi gala-konsertlar to‘plangan ko‘p sonli tomoshabinlarning umumiy bayramiga aylandi. Tomoshabinlar san’atkorlarga jo‘r bo‘ldi. Xo‘jayli, Qo‘ng‘irot, Beruniy, To‘rtko‘l tumanlari va Nukus shahrida o‘tkazilgan konsert dasturlarida minglab tomoshabinlar ishtirok etdi. Xususan, Nukusdagi gala-konsert safarimizning yakuniy namoyishiga aylandi. Gala-konsertni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev tabrik so‘zi bilan ochdi. Tadbir bayramona ruhda, haqiqiy xalqona to‘y, -ommaviy sayil maqomida o‘tkazildi. Poytaxtdan borgan el suygan san’atkorlar bilan birga mahalliy qo‘shiqchilar ijrosidagi ushbu shodiyona ommaviy tus oldi. Nukus shahridagi katta amfiteatrda 2000 dan ortiq tomoshabin to‘plandi. Kuy-qo‘shiqlar, raqslar, sahna ko‘rinishlari, badiiy kompozitsiyalar bitta mazmunga va mavzuga qaratilgan edi. Odamlar qalbida bayram kayfiyati uyg‘onishi bilan birga hayotidan minnatdorlik va umridan rozilik tuyg‘usi sezilib turardi. Vatanga muhabbat, uning taqdiriga daxldorlik hamda turli millatlarning yagona yurti bo‘lgan O‘zbekistonning buyuk kelajagi oldidagi majburiyat hissi yaqqol namoyon bo‘ldi.
“Mustaqillik to‘yi” davom etmoqda. Xalqimizning udumiga ko‘ra, to‘yga qadar tayyorgarlik yumushlari bilan birga to‘y kayfiyati va shodiyona qalbingizda jo‘sh uradi. To‘y zavq-shavqi bilan yashaysiz. Ayni paytda butun O‘zbekiston xalqi ana shunday ruh va kayfiyat bilan yashamoqda. Biz esa Qoraqalpog‘istondan qardoshlikning, qondoshlikning, jondoshlikning va kelajak oldidagi majburiyatning yangi, ohori to‘kilmagan jo‘shqin tuyg‘ulari bilan qaytdik. Bayram har galgidan ham mazmunli, har galgidan ham quvonchli o‘tishi shubhasiz.
Narzulla JO‘RAYEV,
“Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, siyosiy fanlar doktori, professor