Orzudagi yuksaklik shukuhi — uni maʼrifatli, sadoqatli va fidoyi shaxslar yaratadi

    Vatanimiz mustaqilligi osongina qoʻlga kiritilmagan. Hurriyat, deb jadidlar jonini tikkan, “bosmachi” degan tamgʻa olgan ajdodlarimiz shu yoʻlda qurbon boʻldi. Undan oldingi tarix haqida ham shu kabi manzaralar bisyor. Nihoyat, tarixiy imkoniyat sharofati bilan mamlakatimiz osmonida roʻshnolik quyoshi charaqlaganiga, mana, 33-yil toʻldi!

    Bugun hayot oldimizga qoʻyayotgan savollarga ana shu muborak 33-yillik choʻqqidan turib ochiq-oydin fikrlamogʻimiz, mulohaza yuritmogʻimiz juda-juda tabiiy. “Zarrabin” ruknimizdan murod ham shu, yaʼni ayni paytda mamlakatimizda davom etayotgan shiddatli islohotlar samaradorligiga hissa qoʻshish. Ruknimizning bu galgi mehmoni – taniqli adib, filologiya fanlari doktori, professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Xurshid Doʻstmuhammad.

    – Demak, soʻzni vatanimiz mustaqilligi mavzusidan boshlasak...

    – Bajonidil. Darhaqiqat, mustaqillik va mustaqillik sharofati bilan xalqimiz koʻzlagan va koʻzlayotgan taraqqiyot choʻqqisi mavzusi hamisha dilimiz, shuurimiz toʻrida arzanda va totli orzu-istak boʻlib qolaveradi. Inchunin, har bir ongli vatandoshimizning mustaqillik qoʻlga kiritilishi, ortda qolgan yillar mobaynida bosib oʻtilgan va oʻtilayotgan yoʻlimiz borasida oʻz qarashlari, fikr-mulohazasi yigʻilib borishi ham tabiiy.

    Menga ruknning nomlanishi yoqdi. Chunki “zarrabin” degan soʻz, nazarimda, suhbatdoshni umumiylikdan qochishga, koʻngildagi bor mulohazalarni ochiq-oydin, yanayam sinchkovlik bilan, yanayam chuqurroq, miqyosliroq izhor etishga chorlayotgandek tuyulmoqda. Bu borada zarrabinning ham, “Zarrabin” ruknining ham imkoniyati katta, deb oʻylayman.

    Oʻtgan asrning 70-80-yillari arafasida mustaqillik orzusi ziyoli qatlam vakillari, ayniqsa, navqiron ijod ahlining ogʻzidan tushmagan. Muhimi, ruh, shiddat baland edi. Toʻrt odam yigʻilgan joyda uncha-muncha aql bovar qilmas masalalar “yechimi topilib, hayotga tatbiq etib” yuborilardi. Bu xil gap-soʻzlarga istehzo bilan qarovchilar ham yoʻq emasdi. Istiqlol istagidagilarni siyosiy soʻqirga, joʻjaxoʻrozga chiqaruvchilar, “Nima deyapsanlar, SSSRday qudratli davlatga bas keladigan kuch yoʻq yeru koʻkda!”, deb ogʻizga uradiganlar oz emasdi. Biroq...

    Fikrimcha, 90-yillar boshida sobiq shoʻrolar saltanati izmidagi respublikalarda yuz bergan tarixiy voqealardan chiqarilishi kerak boʻlgan muhim tarixiy xulosa: har qanday istibdod qanchalar kuchli-qudratli boʻlmasin, vujudida tanazzul-intiho urugʻlari ham yo sezilib, yo sezilmay yetilayotgan boʻladi. Ertami-kechmi, oʻsha urugʻ unib, boʻy koʻrsatadi. Shundan keyin uni hech qanday kuch toʻxtata olmaydi. Muqarrar shunday! Shu bois ham xalq va vatan manfaati yoʻlida fidoyi inson hayot ekan, botinidagi “Mumkin emas!”, “Ilojsiz!” degan boʻshang tuygʻularni “Mumkin!”, “Iloji bor!” degan kurashchan aqidaga oʻzgartirish yoʻllarini izlamogʻi kerak, shart! Hurriyat bizga mazkur ishonchni berdi, binobarin, hurriyatning qadriga yetish oʻsha oʻlmas ishonchning qadriga yetish bilan chambarchas bogʻliq.

    Davlat mustaqilligi oʻz taqdirini oʻzi belgilash, oʻz taraqqiyot yoʻlini oʻzi kashf etish, qisqasi, oʻz yogʻiga oʻzi qovrilib, farovon roʻshnolikka erishish, jamiyatni hali amalda koʻrilmagan darajalardagi yuksakliklar sari olib chiqish demakdir. Mustaqillikka erishdingmi, marhamat, qanday millat va xalq sifatida mavjudsan, nimalarga qodirsan, nimalarga qurbing yetadi – qanday istiqbol choʻqqilarini koʻzlaysan, salohiyatingni namoyon qil, oʻzligingni koʻrsat, degani.

    Oʻtgan asrning 91-yili tarix va taqdir Oʻzbekistondek davlatga, oʻzbek millati ixtiyoriga mana shunday imkoniyatni inʼom etdi.

    Xoʻsh, nima boʻldi? Oʻtgan 33-yil kichkina davr emas. Jugʻrofiy imkoniyatlari har jihatdan toʻkis, nufusi zalvorli davlat nimalarga erishdi-yu, nimalarga erisholmadi?

    Bu savollarga osongina, joʻngina yoki muxtasargina javob berish qiyin. Lekin savolga savol bilan javob berilsa-chi? Yaʼni mustaqillikning 33-yilida xalqimiz koʻzlagan, orzu-umid qilgan taraqqiyot choʻqqilari zabt etildimi? Yoxud taraqqiyot choʻqqilarini ishgʻol etish sari zalvorli qadamlar tashlandimi?..

    Yana oʻylab qolasan kishi: “ha” desang, “yoʻq” deydiganlar, “yoʻq” desang, “ha” deydiganlarga roʻpara kelasan. Ikki tomonni murosaga keltirguncha esa joning halak!

    – Fikringizga aniqlik kiritsangiz.

    – Aniqlik koʻrinib turibdi. Loʻndasini aytganda siyosiy mustaqillik hadya etgan imkoniyatlardan yetarli foydalanilmadi. Buning sabablari juda-juda koʻp, lekin bosh va asosiy sabab – layoqatsizlik va uquvsizlik, deb oʻylayman.

    Bitta misol keltiraylik.

    Keng omma mustaqillikni orzu qilib yurgan paytlarda “Oʻzbekiston oʻz holiga qoʻyilsa, odamlarimizning kosasi tilladan boʻladi, paxtamizning oʻzidan keladigan daromad xalqimizni boqishga yetib ortadi”, degan mahobatli bashoratlar koʻp aytildi. Birdan yoʻlimizda “bozor munosabatlari” janoblari paydo boʻldi-yu, unga odamlarimiz ham, rahbarlar ham, mutaxassislar ham tayyor emasligi ayon boʻldi-qoldi. Dunyo bozor munosabatlarida yasharkan, biz bozorni bilmas ekanmiz. Qoʻshimcha oʻlaroq:

    jamiyatni bosqichma-bosqich demokratlashtirish;

    bozor munosabatlariga bosqichma-bosqich oʻtish;

    pul muomalasini bosqichma-bosqich isloh qilish;

    taʼlimni, sanoatni, qishloq xoʻjaligi va hokazoni bosqichma-bosqich oʻzgartirish;

    rahbar kadrlar tayyorlashda bosqichma-bosqich hokazo va hokazo... Koʻryapsizmi, mamlakatning butun hayoti, turish-turmushi, jaydari tilda aytganda, “nol”dan boshlandi.

    Bu tabiiy jarayon edi. Chunki mustaqillikka erishgach, bildikki, nafaqat bozor munosbatlariga, balki mustaqil yashashga, mustaqil fikrlashga, kasb-korimizning chinakam sohibi sifatida oʻzimiz va oʻzligimizni namoyon etishga tayyor emas ekanmiz. Qarang, shoʻrolar davrida oʻqigan, ishlagan, malaka oshirgan manaman degan qariyb barcha soha mutaxassisi yaroqsizga chiqdi.

    Hayotiy aqidalar oʻzgardi, uning izidan sharoitlar, talablar, mezonlar bir kunda oʻzgarganini, biroq odam bir kunda oʻzgarishi ilojsiz ekanini ham tushunamiz. Bu – istiqlol tongidagi tabiiy holatligini ham nazardan qochirmaymiz. Ammo-lekin hash-pash deguncha chorak asr ortda qoldi, taraqqiyotning bosqichma-bosqich siyosati deya oʻzimizni oʻzimiz chalgʻita-chalgʻita qarasak, deyarli barcha sohadagi ishlarimiz, mubolagʻasiz aytganda... halokat, tanazzul yoqasiga kelib qolibdi!

    Bu ikki sifatlovchi ibora ogʻir botadi, albatta, lekin 2016-yilning oxirlariga kelib endi bu ahvolda yashab boʻlmasligini baralla ayta oldikmi, buning ustiga jamiyatimizdagi BARCHA soha va JABHAni yana “nol”dan boshlashga majbur boʻldikmi, demak, tanlangan taʼriflarda mubolagʻa yoʻq. Bu – vatanimiz mustaqilligining dastlabki chorak asrida “erishganlarimiz”ga berilgan shafqatsiz va adolatli baho edi! Xulosa, hukm edi!

    Mustaqillikning ikkinchi davri (2016-yil oxiridan) qanchalar murakkab bir holatda boshlangani, amaldagi davlat Rahbariga misli koʻrilmagan muammolarga toʻla meros qolgani xususida vaqt-soati bilan fikr-mulohazalar aytilmay iloji yoʻq. Zero, bu – mamlakatimiz, xalqimiz tarixi, istiqboli uchun muhim, ammo-lekin qattol savol gʻoyat oʻjar, gʻoyat qaysar, yaʼni Oʻzbekiston deya atalmish davlat, xalq mustaqillik sharofatidan gullab-yashnamogʻi kerak edi-ku?! Farovon, hur, barqaror va emin-erkin – yuksalish sari odim tashlagan jamiyat qurish orzulari roʻyobga chiqish vaqti kelgandi-ku?! Chorak asrlik umr nima boʻldi? Nimalar yoʻlida boy berildi?

    Javobi bormi bu savollarning?

    Samarali foydalanilmagan, boy berilgan imkoniyatlar haqida lom-mim demaslikka, uning sabablari xususida bosh qotirmaslikka odatlanib borayotgandekmiz. Vaholanki...

    – Mustaqillik avvalidagi shart-sharoit va omillarni ham unutmasligimiz kerak emasmi?

    – Bu xususda bahsga oʻrin yoʻq. Qiyinchilikning koʻp-ozligi alohida muammo, lekin bu oʻrinda gap siz nazarda tutgan shart-sharoitni bartaraf etishga qodir potensial kuch-salohiyat topa olmaganimiz, yaʼni layoqatsizlik, uquvsizlik, yumshoq qilib aytganda, tajribasizlik pand bergani tan olinsa, undan kerakli xulosalar chiqarilsa foydaliroq boʻlmasmikan, deb oʻylayman. Chunki hayot hech qachon silliqqina, osongina kechmaydi, xususan, hozirgi tahlikali va munosabatlar qaltis tus olayotgan bir paytda davlat rahbarining zimmasidagi muammo koʻlami va zalvorini har kim ham xolis tasavvur qila olmaydi. Shunga qaramay, fidoyi rahbar oʻz xalqi hayotini, jamiyati ravnaqini yangidan-yangi taraqqiyot yuksakligi tomon boshlab borish niyati, orzusini biror daqiqa boʻlsin unutmaydi.

    Shu maʼnoda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning gʻoyasi va tashabbusi bilan olis oʻtmishdagi ikki Uygʻonish davri — Renessansni keng ommalashtirishga kirishilgani favqulodda topilma-kashfiyot boʻldi, deb oʻylayman. Qisqa fursatda biri 10 va ikkinchisi 5 asr muqaddam erishilgan yuksaklik chinakam maʼnoda bugungi xalqimiz uchun oʻziga xos qutb yulduziga, nurli mayoqqa aylanib bormoqda. Jamiyatni birlashtirishga xizmat qiladigan, mamlakatimiz rivojlanishi, taraqqiy etishi uchun hammani birdek harakatga keltiradigan ulkan gʻoya aslida bu! Uchinchi Renessans mana shu mayoq vazifasini oʻtamogʻi lozim. Oʻzbek millati joʻn millat emasligiga, oʻtmishida osmonoʻpar togʻ choʻqqilari koʻkka qadar boʻy choʻzib turganidan haqli ravishda faxrlana olishimizga eʼtibor qaratilmoqda. Yanada muhimi, xalqimizning ayni zamondagi mavjud salohiyati Uchinchi Uygʻonish davrini yaqinlashtirishga qodirligiga urgʻu berilmoqda. Bu nihoyatda ulugʻ maqsad, ulugʻ niyat, ulugʻ orzu!

    Ayni chogʻda har qanday millat, xalq tirik organizm singari oʻzini oʻzi asrash immuniteti bilan yashaydi. Ushbu immunitet talabi va ehtiyojiga koʻra millat tiynatida oʻzini ulugʻlovchi, koʻngillarni koʻtaruvchi, ruhiy madad vazifasini oʻtovchi, kerak boʻlsa, oʻzini koʻz-koʻz qilish istagidan kelib chiqqan fazilatlar oʻziga xos doimiy timsolu alomatlarga aylana boradi. Hozirgi til bilan aytganda, shu tariqa imij yaratiladi. Misol uchun, oʻzbek – mehmondoʻst, dilkash va bagʻrikeng millat. Yapon unday, ingliz bunday va hokazo. Yaʼni, millat vakillari oʻz maʼnaviy yuksakligiga chiqib olib oʻzini, oʻzligini koʻz-koʻz qilishni, shu orqali dunyoga jar solishni koʻzlaydi. Faxrlanadi, gʻururlanadi. Buning yomon joyi yoʻq. Bu bir tomondan milliy gʻurur manbai sifatida, ikkinchi tomondan jahon xalqlari nazarini “ishgʻol” etishda juda qoʻl keladi.

    Shu oʻrinda mulohaza tugʻiladi.

    Gap shundaki, har qanday milliy tafakkur muayyan darajada mubolagʻaga moyillik tuygʻusidan xoli qololmaydi. Buning natijasida picha boʻrttirish, picha oshirib koʻrsatish unsurlari vaqt oʻtgani sayin oddiy koʻnikmaga-trafaretga aylanib ketadi. Aqidaga aylangani sari til-quloq odatlanadi-da, undagi daqqilik, beoʻxshovlik sezilmay qoladi. Misol uchun qachon, qayerda oʻzbek mentalitetidagi milliy oʻzimizga xos fazilatlardan soʻz ochilsa, birinchi navbatda, mehmondoʻst xalq ekanimiz faxrlanib tilga olinadi.

    Mehmondoʻstlik noyob va nodir fazilat, unga til tekkizishdan yiroqman, lekin XXI asrning ikkinchi choragida yashayotgan dunyo xalqlari kahkashonida mehmondoʻstlik bilan nom qozonish, mehr-eʼzozga sazovor boʻlish (doshqozlarda tonnalab osh damlab, bepul tarqatishlar shu jumladan) baʼzan erish tuyuladi. Mayli, mehmondoʻst millat boʻlib qolaylik. Shu bilan bir vaqtda dunyoga oʻzbek millati ilmga tashna, halol, ishchan, uddaburon, qoʻrqmas, jasur, ahil, jipslashgan, yuksak madaniyatli millat sifatida tanilsa, deya orzularga berilgisi keladi odam.

    Yana bir mulohaza. Davlat madhiyasining ulugʻvor jarangi har qanday qalbga joʻshqinlik baxsh etadi. Baralla joʻr boʻlib kuylash maroq bagʻishlaydi har bir vatandoshimizga. Biroq qoʻlni koʻksimizga qoʻyib qulluq qilish haqida oʻylab koʻrsak-chi? Milliy bagʻrikenglik, murosai madoraga moyillik timsoli boʻlib qolishini istayapmizmi, shu manzara orqali?

    Qonunga boʻysunamiz, albatta, lekin, oʻzbek shuncha vaqt qulluq qilgani yetar. Qulluq qilishni qonunlashtirib qoʻymayapmizmi? Uchinchi Renessans ishqida odim tashlayotgan millat dunyoga boshini, qaddi-qomatini gʻoz tutgan holda magʻrur yuzlangani maʼqulroq emasmi? Ulugʻ shoirimizning quyidagi oʻlmas misrasini nechun unutishimiz kerak:

    Qayga bormay, boshda doʻppim,

    Gʻoz yurarman, faxr etib...

    Mutaxassislar, ziyolilar, keng jamoatchilik ushbu masala yuzasidan kengashaylik.

    – Jadid munavvarlarimiz davrining kichik Renessansga qiyoslanishiga qanday qaraysiz?

    – Qarang! Jadid otalarimiz davridagi xalqimiz ilm-maʼrifatga, zamonaviy yangilanishlarga tashna millat sifatida eʼtirof etildi. Naqadar ajoyib! Shuning oʻzi Uygʻonish, maʼnaviy-intellektual Renessans!

    XX asr avvalida Turkiston oʻlkasida vujudga kelgan jadidlik harakati jahon xalqlari tarixida qiyosi yoʻq unikal voqea! Oʻtmishdagi Birinchi va Ikkinchi Renessansga tenglashtirish shart emas, albatta, ammo mintaqamizda tugʻilgan, faoliyat yuritgan jadidlik harakati – XX asr Renessansi! Milliy choʻqqi!

    Diniy kitoblarimizda qalb va shuurdagi niyatga alohida urgʻu beriladi. Ulugʻ niyat hatto amaldan-da yuqori qoʻyiladi. Shu tushunchadan kelib chiqsak, jadidlik harakatining ahamiyati butun betakrorligi bilan koʻz oʻngimizda namoyon boʻladi. Ushbu harakat tarixiga doir yangidan-yangi maʼlumotlar bilan tanishganimiz sayin xayolga erk bermay iloji yoʻq. Prezidentimiz topib aytganidek, jadidlik harakati oʻn gulidan bir guli ochilmay boʻgʻib tashlanmaganida ayni kunlarimizdagi juda koʻplab muammolar oʻz-oʻzidan yechimini topib ketgan, xalqimiz yanada yuqori maqomdagi hayotiy masalalar bilan mashgʻul boʻlur edi.

    Eʼtibor beraylik: jadidlik choʻqqisi davridagi ulugʻvor orzular va bugungi muammolarga yechim topish oʻrtasidagi yaqinlik, uygʻunlik tarixiy davrning uzluksizligidan, kechagi va undan avvalgi oʻtmishimizning bugunimiz va ertangi istiqbolimiz bilan mushtarakligidan dalolat bermoqda. Bu omil orzudagi yuksakliklarni hayotimizdagi yuksakliklarga aylantirishni istamoqdamiz.

    – Qanday odamlarni zamonaviy jadidlar deya olasiz?

    – Zamonamiz jadidlari oz emas. Bunday deganda ilmga tashna, niyati toza, fidoyi, kunni, vaziyatni va ijtimoiy-siyosiy muhitning bor murakkabligini tahliliy tafakkur chigʻirigʻidan oʻtkaza oladigan munavvar insonlarimiz nazarda tutilmoqda, albatta. Zamon, siyosat, turmush tutumlari tinimsiz oʻzgarib turgan maskanu manzilda har qanday yomonlikni yaxshilikka, ogʻirlikni yengillikka aylantirmoq yoʻlida halovatidan voz kechgan kishi – jadid.

    Oʻzgarishlar ummonida oʻzlikni asrab qolish oson kechmayapti, manfaat tushunchasi sarhad bilmay qoldi. Yashirmaylik, “Bu yerda boʻlmasa, boshqa joydan topaman”, degan tushunchaga chalgʻiyotganlar ham oz emas.

    Chikagoda (AQSH) oʻzbek madaniy markaziga taklif qilishdi. Bordim, yuzdan ziyod vatandosh, millatdoshlar jam boʻldi. Dildan gurunglashdik. Yakunda “Ertaga Toshkentga qaytyapman”, deya mezbonlardan izn soʻradim. Shunda, tasavvur qilasizmi, yigʻilganlarning qariyb bari menga havasi kelib, koʻzlari charaqlab, “Bizni ham olib keting!”, deb baravariga qoʻl koʻtardi.

    Taʼrifiga til ojiz bir manzara, kayfiyat. Nazarimda, shu manzara, shu lahza har qanday insonni hayajonlantirib yuboradigan milliy yuksaklik choʻqqisi boʻlib tuyuldi menga!..


    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

    Boboravshan GʻOZIDDINOV suhbatlashdi.


    Maqola “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 190-sonida (2024-yil 18-sentyabr) chop etilgan.