Yangi davr taʼlim strategiyasi va sohadagi islohotlar

    “Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan bu yilgi mustaqillik bayrami yurtimizning barcha aholisi tomonidan oʻzgacha shukuh bilan kutilmoqda.

    Vatanimiz mustaqilligining 33-yilligini munosib nishonlash, uni koʻtarinki ruhda oʻtkazish toʻgʻrisida mamlakatimiz Prezidenti tomonidan qaror qabul qilindi. Oʻtgan qisqa vaqt davomida mamlakatimiz iqtisodiyotni tiklashdan barqaror iqtisodiy oʻsishga erishish, kuchli milliy sanoatni yaratish va hayotning barcha sohalarini modernizatsiya qilishgacha boʻlgan yoʻlni bosib oʻtdi.

    Mustaqillik yillarida Oʻzbekiston turli sohalarda katta yutuqlarga erishdi. Misol uchun taʼlimga berilayotgan alohida eʼtibor “Navqiron avlodga Yangi Oʻzbekistonning kelajagi sifatida alohida eʼtibor qaratilayotgani, yoshlar bilan ishlash boʻyicha noyob tizim yaratilishi natijasida ularni kasb-hunarlarga oʻqitish, bandligini taʼminlash, boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yurtimizda shakllangan samarali va taʼsirchan tizim”da yaqqol koʻrinadi.

    Sohada islohotlarni izchil davom ettirish maqsadida 2026-yilga qadar Taraqqiyot strategiyasi doirasida maktabgacha taʼlimda qamrov darajasini 80 foizga yetkazish, 7 mingdan ziyod yangi nodavlat MTTlarni tashkil etish, xalq taʼlimi tizimida qoʻshimcha 1,2 million oʻquvchi oʻrnini yaratish, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatining boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun bepul ovqatlanish boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan ijobiy amaliyotni qolgan barcha viloyatlarda ham joriy etish koʻzda tutildi.

    Shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻqituvchining jamiyatdagi maqomiga bagʻishlangan alohida modda kiritildi. Oʻzbekistonda oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etilishi mustahkamlanmoqda, davlatning oʻqituvchilar shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilishi, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi nazarda tutilmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan buyon taʼlim sohasida sezilarli oʻzgarishlar amalga oshirildi, oshirilyapti. Amalga oshirilayotgan islohotlar yosh avlodni zamonaviy bilim va koʻnikmalar bilan taʼminlash, ularning xalqaro maydonda raqobatbardosh boʻlishiga zamin yaratmoqda. Shuningdek, taʼlim sifatini yaxshilash, innovatsion taʼlim texnologiyalaridan foydalanish, ilmiy tadqiqot ishlarini qoʻllab quvvatlash, taʼlim va ishlab chiqarish hamkorligini kuchaytirish, shaffof qabul qoida va kriteriyalari bilan bogʻliq masalalar oʻz samarasini bermoqda.

    Mustaqil Oʻzbekistonda taʼlim islohotlarining kelajakdagi maqsadi – yosh avlodni global muammolarni hal qilishga tayyorlash, innovatsion fikrlash tarzini rivojlantirish va xalqaro bilim standartlariga mos keluvchi tizim yaratishdir. Bu islohotlar davomida har bir taʼlim oluvchi va oʻqituvchining potensiali toʻliq amalga oshirilishi, taʼlimning sifatini yanada oshirish va mamlakatning xalqaro maydonda raqobatbardoshligini taʼminlash koʻzda tutilmoqda.

    Zero taʼlim tizimidagi oʻzgarishlar yosh avlodning bilim va koʻnikmalarini mustahkamlash, ularning dunyoqarashini kengaytirish, mamlakatni global maydonda tanitishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.


    Shodiya GʻANIYEVA,

    Fargʻona davlat universiteti,

    boshlangʻich taʼlim uslubiyati kafedrasi dotsenti,

    filologiya fanlari doktori (DSc)


    Hamkorlik materiali