Joriy yilning 31-avgustdan 2-sentabrga qadar Buxoro va Navoiy viloyatlarini bogʻlab turuvchi Qiziltepa tumanida joylashgan Toʻdakoʻl turizm markazida “Stixiya” elektron musiqa festivali oʻtkaziladi. Shu munosabat bilan festival oldidan ommaviy axborot vositalari vakillari va keng jamoatchilik uchun matbuot anjumani tashkil etildi.
Tadbirda ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi va Turizm qoʻmitasi masʼullari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Festivalning asosiy maqsadi jahon jamoatchiligi eʼtiborini ekologiya muammosiga, xususan, Orol dengizining holatiga, shuningdek, mamlakatimizda rivojlanayotgan choʻl turizmi yoʻnalishida sayyohlar oqimini oshirishdan iborat.
Ushbu festival Oʻzbekistonda tashqi va ichki turizmni rivojlantirish, isteʼdodlarni bir joyda toʻplash, turizmning iqtisodiyotda tutgan oʻrni va ahamiyatini oshirish, shuningdek, viloyat yoshlarining ijodiy kamolotini yuksaltirishga xizmat qiladi.
“Festivallar isteʼdodli kishilarga oʻz ijodini namoyon etishi mumkin boʻlgan maydonchalar taqdim etish orqali ragʻbatlantirishini taʼkidladi. Shu bilan birga, mamlakat va mintaqa uchun iqtisodiy samara sezilarli. Joriy yilda Oʻzbekiston turizm sohasidan ikki milliard dollardan ortiq daromad olishi kutilmoqda. Mamlakatga etti milliondan ortiq xorijiy sayyohlar kelishi kutilmoqda. 2023-yilda 200 ga yaqin yirik tadbirlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan boʻlib, ulardan biri “Stixiya” hisoblanadi. Anʼanaviy tarzda har yili oʻtkazib kelinayotgan festival tufayli mamlakatimizning yangi turizm yoʻnalishlarida katta imkoniyatlarga ega ekanligini koʻrsatmoqdamiz” – dedi Turizm qoʻmitasi boshqarma boshligʻi Sh.Isakulov.
Masʼullarning qayd etishicha, bu yilgi “Stixiya” yorqin va unutilmas tadbir boʻlishni, chet ellik mehmonlar uchun gʻayrioddiy yangi turizm hududini kashf etishi va mamlakatimiz musiqa ixlosmandlariga yangi musiqiy kombinatsiyalar dunyosida zavqlanish imkoniyatini taqdim etadi.
Maʼlumot uchun, festival 2017-yildan buyon Moʻynoqdagi “Kemalar qabristoni”da oʻtkazilib kelinardi. Joriy yilda esa ilk bor tadbir oʻtkaziladigan joy oʻzgartirilmoqda. Festivalda har yili dunyoning turli burchaklaridan dijeylar, rassomlar, olimlar, prodyuserlar shuningdek, oʻzbek musiqachilari ishtirok etadi.
Toʻdakoʻl turizm markazida “Stixiya” elektron musiqa festivalini oʻtkazish uchun 15 gektar choʻl tekisligida sahnalar tayyorlanmoqda.