Andijon viloyati Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi matbuot xizmati suratlardagi shaxs boshqarmaning Andijon shahar boʻlimi boshligʻi ekanini Daryo.uzʼga tasdiqlagan. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi axborot xizmati rahbari Gulnoza Alimova voqeadan xabardorligini, holatga aniqlik kiritishga urinayotganini bildirgan.
IIV matbuot kotibi Shohrux Gʻiyosovning maʼlum qilishicha, oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri jarayonida fuqarodan jami 0,69 gr gashish giyohvand moddasi olingan. Holat yuzasidan Andijon shahar IIO FMB tomonidan Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Maʼlumot uchun, Jinoyat kodeksining 276-moddasi 1-qismida giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlamay, qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, egallash, tashish yoki joʻnatish jinoyati nazarda tutilgan. Ushbu qilmish uchun BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3-yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1-yildan 3-yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.