Bu oʻsimlikning asl vatani Paragvay boʻlib, u nihoyatda shifobaxshdir. Aytishlaricha, bu davlat aholisi muntazam ravishda steviya oʻsimligini isteʼmol qilar va shu sababli qandli diabet va qon bosimining oshishi kabi kasalliklarga chalinmas ekan. Demak, steviya oʻsimligini yetishtirsh va aholining kundalik ovqatlanish jadvaliga kiritish juda muhim.

Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi tomonidan Andijon viloyatining Marhamat tumanida barpo etilgan “aqlli issiqxona” sharoitida nafaqat steviya balki yana koʻplab dorivor oʻsimliklar ham parvarish qilinmoqda. “Aqlli issiqxona”ning esa bundan tashqari imkoniyatlari juda koʻp boʻlib, barcha tizim birgina boshqaruv tugmasi orqali amalga oshiriladi. Bu yerdagi koʻchatlar asosan yomgʻirlatish va tomchilatish yoʻli bilan sugʻoriladi.

Bugungi kunga qadar, 4 tonnadan ortiq amarant doni, 600 kg rastoropsha doni, 300 kg dan ortiq xelba doni, 500 kg steviya bargi olindi hamda 10 000 tup steviya ona koʻchatlari yetishtirildi. Issiqxona sharoitida mahsus idishlarda 10 xil turdagi yaʼni, amarant, kenoya, steviya, pavloniya, rastropsha, xelba kabi dorivor oʻsimliklar koʻchatlarini yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan.

Hozirda tajriba-koʻrgazma maydoni tasarrufidagi ochiq maydonda ham farmatsevtika, tibbiyot va oziq- ovqat sanoatiga jadal kirib kelayotgan dorivor oʻsimliklar yetishtirilmoqda. Endilikda bunday issiqxonaning tashkil etilishi esa, yil davomida oʻsimliklarni parvarish qilish imkonini beradi. Yaqin kunlarda aynan steviya oʻsimligining minglab koʻchatlarini aholi va fermerlarga yetkazib berish imkoniyatlari yaratiladi.

Bunday tajriba- koʻrgazma maydoni ilmiy izlanish olib borayotgan yosh olimlar va magistrlar uchun ayni muddao boʻlib, bir qancha ilm egalari hozirda ilmiy tadqiqotlar olib bormoqdalar. Ularning asosiy maqsadlari esa, mana shunday chet mamlakatda oʻsadigan dorivorlik xususiyati maʼlum boʻlgan oʻsimliklarni mahalliylashtirishdir.

Shuningdek, issiqxonaning bir qismida yil davomida hosil beruvchi qulupnay koʻchatlari koʻpaytirilmoqda. Hozirda 4 ming tup qulupnay koʻchati boʻlib, ular keyinchalik aholining ishsiz va kam taʼminlangan qatlamlariga beriladi va bu bilan ularning bandligi taʼminlanadi.