Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining xabar berishicha, Departamentning Yakkasaroy tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “A-A.” NTM masʼul shaxslari muassasaning 3 ta isitish qozonini umumiy foydalanishdagi gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ulab, 116 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.

Shuningdek, Departamentning Andijon shahar boʻlimi tomonidan “Oʻzenergoinspeksiya” viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda “S.O.” MCHJ rahbari S.X. va boshqalar umumiy foydalanishdagi gaz tarmogʻiga oʻzboshimchalik bilan ulanib, 103,6 mln soʻmlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Hozirda holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (oʻgʻrilik) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.