Bu haqda Transport vazirligi maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, 2025-yil 15-mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 10:30 da Andijon xalqaro aeroporti “Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining Toshkent-Andijon yoʻnalishi boʻyicha birinchi texnik reysini qabul qildi.
Andijon aeroporti aerodrom majmuasini toʻliq rekonstruksiya va modernizatsiya qilish munosabati bilan 2023-yil 1-aprel kuni yopilgan edi.
Aerodrom qoplamasining elementlari — uzunligi 2985 metr va kengligi 44 metr boʻlgan uchish-qoʻnish yoʻlagi, yurish yoʻlagi va perroni uzoq xizmat muddati va past yuk koʻtarish qobiliyati tufayli rekonstruksiya qilinishi talab etilgan va koʻplab turdagi samolyotlarni qabul qilishda, shuningdek, zamonaviy yoritish tizimining yoʻqligi sababli tungi vaqtda reyslarni qabul qilishda cheklovlar mavjud edi.
Aeroportda rekonstruksiyaning birinchi bosqichi yakunlandi, uning doirasida aerodrom majmuasining salmoqli qismi, jumladan, uzunligi 3300 metr va eni 60 metr boʻlgan yangi 4E toifali uchish-qoʻnish yoʻlagi, bitta yurish yoʻlagi va 3 ta samolyot toʻxtash joyiga ega perron qurilishi yakunlandi.
Bu bir vaqtning oʻzida 10 tagacha samolyotga perronda xizmat koʻrsatish va tungi vaqtda hamda noqulay ob-havo sharoitida samolyotlarni qabul qilish imkonini beradi. Bu, oʻz navbatida, Andijon shahri va Fargʻona vodiysiga qatnovlar sonini va yoʻlovchilar oqimini koʻpaytirish imkonini beradi.
Andijon xalqaro aeroporti tez orada muntazam yoʻlovchi reyslarini qabul qila boshlaydi.