Kuni kecha Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev Xoʻjaobod tumanidagi “NIL-GRANIT” MCHJ mutasaddilari bilan uchrashdi. Unda korxona qoshida “SAMO” klaster innovatsion texnologiyalari institutini tashkil etish masalasi muhokama qilindi.

Uchrashuvda “NIL-GRANIT” MCHJ vakillari sobiq Xoʻjaobod qishloq xoʻjaligi kasb-hunar kolleji binosi negizida taʼlim jarayonining ilm-fan va ishlab chiqarish bilan integratsiyasini kuchaytirish hamda oʻqitish sohasida davlat-xususiy sheriklik munosabatlarini kengaytirish maqsadida nodavlat institut tashkil etish boʻyicha rejalarini soʻzlab berdi.

Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi mahalliy tadbirkorlarning bu boradagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashini bildirar ekan, nodavlat taʼlim tashkilotlarini tashkil etish, ularning huquqiy maqomi, ularda taʼlim faoliyatini tashkil etish va uning nazoratini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi va tegishli tavsiyalar berdi.

Qolaversa, nodavlat institut ochish uchun kerakli shart-sharoitlar (oʻquv auditoriyalar, moddiy-texnik baza, professor-oʻqituvchilar tarkibi, oʻquv adabiyotlar va hokazo) mavjud boʻlsa, taʼlim faoliyattni litsenziya asosida boshlash mumkinligini taʼkidladi.

— Tadbirkorlarning oliy taʼlim muassasasi tashkil etish borasidagi tashabbusini doim qoʻllab-quvvatlaymiz. Ishlab chiqarish va taʼlim integratsiyasini rivojlantirish malakali kadrlarni tayyorlash jarayonida samara beradi, — dedi Ulugʻbek Toshkenboyev. — Yangi tahrirdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunda ham nodavlat taʼlim tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash, attestatsiya va akkreditatsiyadan oʻtkazish jarayoni bilan bogʻliq qator imtiyozlar koʻzda tutilgan. Chunki nodavlat taʼlim tashkilotlarining koʻpayishi sohada raqobat muhitining yuzaga kelishini taʼminlaydi.

Bu esa oʻz-oʻzidan sifat koʻrsatkichlarining muntazam koʻtarilishiga zamin yaratadi. Shu nuqtayi nazardan biz bu borada qoʻlimizdan kelgancha yordam va tavsiyalar berishga tayyormiz.

Uchrashuvda, shuningdek, taʼlim uzviyligini taʼminlash maqsadida yengil sanoat sohasida oʻrta boʻgʻindagi kadrlarga ehtiyoj yuqori ekanini inobatga olib, nafaqat oliy taʼlim, balki professional taʼlim bilan ham shugʻullanish boʻyicha tavsiyalar berildi.