Maʼlumki, joriy yildan boshlab, yangi tizim joriy etilmoqda. Yaʼni hududiy hokimlar tomonidan birinchi marta tuman, shahar va viloyat Xalq deputatlari Kengashlariga Murojaatnoma taqdim etilmoqda. Davlat boshqaruvining bunday demokratik usuli bugun “Yangi Oʻzbekiston”da olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar, avvalambor, xalq bilan muloqot tizimini mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga, “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan gʻoya - faoliyat samaradorligini yana-da yaxshilashga xizmat qiladi.

Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish boʻyicha yaqin, oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy hamda boshqa sohalarni strategik rivojlantirish dasturlarining sifatli va samarali amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, joriy yilning oʻtgan yanvar-noyabr oylarida iqtisodiy oʻsishning barqaror yuqori surʼatlariga erishildi.

Yil yakuni bilan yalpi hududiy mahsulot hajmining oʻsish surʼati 102 foizga, sanoat mahsulotlari 101,3 foizga, qishloq xoʻjaligi 102,5 foizga, qurilish ishlari 104,8 foizga, jami xizmatlarning oʻsish surʼati esa 102,4 foizga teng boʻlishi kutilmoqda.

2020-yilda hududiy investitsiya dasturi doirasida 7,1 trillion soʻmlik, jami 774 ta loyiha amalga oshirilishi hisobiga 42 mingta yangi ish oʻrni yaratish belgilangan edi. Bugun umumiy qiymati 6,3 trillion soʻm boʻlgan 911 ta loyiha ishga tushirilib, 38 ming 737 ta yangi ish oʻrini yaratildi.

Misol uchun, Buloqboshi tumaning eng chekka hududi hisoblangan, Chil ustun togʻlari yon bagʻrida joylashgan 19-maktabning foydalanilmay boʻsh turgan 50 sotix yer maydoning 24 sotixida “Jumanazar va Temir Sobirovlar oilasi” oilaviy korxonasi tomonidan 5 milliard soʻm oʻz mablagʻlari hisobiga trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish sexi tashkil etildi. Natijada bu yerdagi 200 nafar qishloq aholisini bandligi taʼminlandi.

Shuningdek, Jalaquduq tumanining olis chegara hududida joylashgan Janubiy Olamushuk shaharchasida “Al-Hakim” korxonasi tomonidan tikuv-trikotaj fabrikasi ishga tushirilib, 300 nafar xotin-qizlar bandligi taʼminlandi. Bundan tashqari, “And Billur tekstil” MCHJ tomonidan 4 milliard soʻm miqdorida investitsiyalar oʻzlashtirilishi hisobiga yiliga 2,5 million dona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilib, 300 nafar yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Viloyatning asosiy iqtisodiy “oʻsish nuqtasi” yaʼni, drayver sohalardan biri tekstil-toʻqimachilik sanoati boʻlib, ana shu maqsadda viloyatda 10 ta paxta-toʻqimachilik klaster korxonalari tashkil etildi.
Shu bilan birga, yil yakuni bilan yana qiymati 800 milliard soʻm boʻlgan 17 ta loyiha ishga tushirilishi hisobiga 3 ming 765 ta yangi ish oʻrinlari yaratiladi.
Birgina misol, tez kunlarda Andijon shahrida “Bobur XBK” MCHJ tomonidan loyiha qiymati 30 million dollar boʻlgan, 2 ming 700 nafar yangi ish oʻriniga ega korxona ishga tushiriladi. Bu yerda jinsi mahsuloti ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Joriy yil yakunida 4,1 trillion soʻmlik ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi, 120 million dollarlik eksport, 420 milliard soʻmlik byudjetga sof tushumlar zahirasi va 35 xil turdagi yangi mahsulotlar ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyiladi va 65 million dollar import oʻrnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqariladi.

Shuningdek, joriy yil yanvar-noyabr oylarida 114 ta hududiy loyiha doirasida jami 215,6 million dollarlik xorijiy investitsiya oʻzlashtiriladi.
Baliqchi tumanida foydalanishga topshirilgan “Skorton tekstil” MCHJ tomonidan 21 million dolllar miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar oʻzlashtirilishi hisobiga yiliga 6 ming tonna kalava ip ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Bu yerda 450 nafar yangi ish oʻrinlari yaratildi.

Bundan tashqari, “Ishan Group” kompaniyasi taʼsischisi Sharma Rakesh Kumar tomonidan viloyatda 3 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya hisobiga bolalar tagliklari, ayollar gigiyena mahsuloti va tibbiy niqoblar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshirilmoqda. Joriy yil birinchi bosqichda eksporbob tibbiy niqoblar ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi.
Ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan korxonalarni tashkil etish, import hajmini qisqartirishda mahalliylashtirish Dasturining oʻrni salmoqli boʻlmoqda.

Joriy yil boshida tasdiqlangan mahalliylashtirish Dasturiga viloyatdagi 129 ta korxonaning 201 ta loyih kiritilgan edi. Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida yana 89 milliard soʻmlik 28 ta yangi loyiha mahalliylashtirish dasturiga qoʻshildi. Umumiy loyihalar soni 229 taga yetdi. Oʻtgan 11 oy davomida 896 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarildi.

Jumladan, Andijon shahridagi “Oil Drill” korxonasi tomonidan 27 milliard soʻmlik 560 tonna neft-gaz sanoatida foydalaniladigan burgʻulash trubalarini mahalliylashtirish ishlari amalga oshirildi. Buning natijasida, oʻtgan yilning mos davriga nisbatan mahsulot ishlab chiqarish 26 barobarga, import oʻrnini bosish samarasi esa 22 barobarga ortdi.

Shuningdek, sessiyada qayd etilishicha, viloyatda 58 ming 776 ta ehtiyojmand oila “Temir daftar”ga kiritilgan boʻlib, ushbu oilalar tarkibida 240 ming 800 aʼzo bor. Ehtiyojmand oilalarning 77 foizi hududlardagi Xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari qarorlari asosida ehtiyojmand oilalar roʻyxatidan chiqarildi.

Koronavirus pandemiyasining aholi turmush darajasiga salbiy taʼsirini yumshatish va koʻmakka muhtoj oilalarni moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida viloyatdagi ehtiyojmand oilalarga jami 95 milliard soʻmlik moddiy yordam pullari va zarur oziq-ovqat va nooziqovqat mahsulotlari tarqatildi. Ayni paytda viloyatdagi ehtiyojmand oilalarning 77 foizi “Temir daftar”dan chiqarildi
Ishsiz aholini kasb-hunarga oʻqitish va tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish hamda aholi bandligini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, joriy yilda Qoʻrgʻontepa, Shahrixon va Ulugʻnor tumanlarida kasb-hunarga oʻqitish markazlari va 13 ta mahallada kasbga oʻqitish maskani faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Aholi bandligini taʼminlash boʻyicha koʻrilgan amaliy choralar natijasida 166 mingdan ziyod ishsiz va band boʻlmagan fuqarolarning bandligini taʼminlashga erishildi.
Sessiya doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda viloyat hokimi Sh.Abdurahmonov jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.