Andijonda ota aliment qarzini 6 sotix yer bilan qopladi

    Andijon viloyati, Ulugʻnor tumanida yashovchi fuqaro aliment qarzi evaziga oʻziga tegishli boʻlgan yer uchastkasini berdi.

    Qayd etilishicha, fuqarolik ishlari boʻyicha Boʻston tumanlararo sudi tomonidan 19.09.2022-yilda Sh.R.dan N.S. foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandi taʼminoti uchun aliment undirish belgilangan.

    Hozirda aliment undiruvi qarzdorning ish haqidan ushlab qolish orqali amalga oshirilayotgan boʻlsa-da, ilgari oʻz vaqtida toʻlanmagan mablagʻlar tufayli 4,2 mln soʻm qarzdorlik yuzaga kelgan.

    Ijro jarayonida qarzdor bilan oʻtkazilgan suhbat davomida u oʻzining 6 sotixli yer uchastkasi mavjudligini maʼlum qilgan hamda ushbu yerni aliment qarzi va farzandi voyaga yetgunga qadar toʻlanishi lozim boʻlgan aliment oʻrniga berish taklifini ilgari surgan.

    Undiruvchi ayol ushbu taklifga rozilik bildirib, yer uchastkasini qabul qilishini maʼlum qilgan. Tomonlar oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq, yer uchastkasi ayol nomiga rasmiylashtirib berildi va ijro ishi yakunlandi.