Andijonda xitoylik investorning farzandiga tugʻilganlik haqidagi guvohnoma topshirildi

    Ijtimoiy hayot 7 Aprel 2021 1612

    Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolari Xuang Lianjun hamda Shu Juanjunlarning Baliqchi tumanida tugʻilgan farzandi Xuang Xiaoboning tugʻilganlik haqidagi guvohnomalar topshirildi.

    2021-yil 27-mart kuni Baliqchi tumani fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimiga xitoylik fuqarolar Xuang Lianjun hamda Shu Juanjunlar 2020-yilning 2-dekabr kuni Baliqchi tuman tugʻruq kompleksida dunyoga kelgan farzandiga tugʻilganligini qayd etishda amaliy yordam soʻrab, murojaat qilgan.

    Ularning murojaati tegishli tartibda koʻrib chiqilib, bolalarning haqiqatan ham Baliqchi tumanida tugʻilganligi tasdiqlangach, Baliqchi tuman FHDYO boʻlimi tomonidan dalolatnoma yozuvlari qayd etilgan.

    Kuni kecha ushbu xorijlik fuqarolarning Xuang Xiaobo ismli oʻgʻliga tugʻilganlik haqidagi guvohnoma tantanali ravishda topshirilgan.

    -Oʻzbekiston mening ikkinchi Vatanim desam yanglishmayman, deydi Xuang Lianjun. - Boisi ushbu jannatmonand diyorda oʻn yildan buyon yashab kelyapman. Ayni paytda chinni buyumlarni ishlab chiqarish bilan shugʻullanuvchi «Mig farfor» masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari sifatida faoliyat yuritmoqdaman. 2020-yil oilamiz uchun quvonchli voqealarga boy boʻldi. Boisi oʻtgan yilda korxonamiz faoliyatini kengaytirish maqsadida 1 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritib, yillik mahsulot ishlab chiqarish quvvatini 7 milliard soʻmga yetkazdik. Shu bilan birga 150 nafardan ortiq fuqaroni ish bilan taʼminlashga erishdik. Bundan tashqari yil oxirida oʻgʻil farzandli boʻldik. Unga Xuang Xiaobo deb ism qoʻydik. Oʻzbekchasiga oʻgʻlimizni “Temurbek” deb chaqiryapmiz. Oradan 4 oyga yaqin vaqt oʻtgan boʻlsada bugun oʻgʻlimizning tugʻilganligi qayd etilganidan xursandmiz. Murojaatimizni qaytarmasdan ishimizni oson hal qilib berishda oʻzini xizmatlarini ayamagan FHDYO xodimlariga oʻz minnatdorligimni bildiraman. Oʻzbekistonni yaxshi koʻraman.

    Qayd etish lozim, joriy yilning 1-apreliga qadar shahar va tuman FHDYO boʻlimlari tomonidan 10 ga yaqin xorijlik fuqarolarning Andijon viloyatida tugʻilganligi qayd etilgan.

    Umidjon MAMARASULOV,

    DXA Andijon viloyati boshqarmasi axborot xizmati xodimi