Navbatdagi tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Toshkent viloyatida bir nechta yirik narkosavdo holatlariga barham berildi.

Xususan, Chinoz tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Bekobod shahrida istiqomat qiluvchi, muqaddam aynan giyohvandlik vositalari savdosi uchun sudlangan shaxs (1980-y.t.) navbatdagi jinoyati ustida qoʻlga olindi. U shartli xaridorga 200 gramm “gashish” moddasini 50 million soʻmga sotayotgan vaqtida ushlangan.

Amaliyot shu bilan toʻxtab qolmadi. Tezkor tadbirning davomida mazkur shaxs jinoiy yoʻl bilan topgan pulning 6,9 million soʻmini oʻz sherigiga (1989-y.t.) berayotgan vaqtda ikkalasi ham qoʻlga olindi. Ikkinchi shaxsning yonidan yana 500 gramm “gashish” moddasi topib olindi. Hozirda ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Navbatdagi yirik ushlash Bekobod tumanida amalga oshirildi. “Cobalt” rusumli avtomashinada yoʻlovchi sifatida ketayotgan Toshkent shahrida yashovchi shaxsning (1973-y.t.) yonidan 600 gramm “opiy” moddasi topildi. Soʻroq davomida u ushbu moddani Bekobod shahrida yashovchi tanishidan 5 ming AQSH dollari va 5 million soʻmga sotib olganini tan oldi.

Koʻrilgan tezkor choralar natijasida asosiy narkosavdogarning xonadonidan 1 kg 47 gramm “opiy”, uning yana ikki nafar sherigidan esa 335 gramm “opiy” moddasi ashyoviy dalil sifatida olindi. Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositalari mamlakatimizga Tojikistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kirilgan.

Ushbu guruh aʼzolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.