Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar qildi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida Andijon viloyati Boʻston tumani hududidagi dala maydoniga koʻmib ketilgan 9 kg 447 g gashish olinayotgan vaqtda uyushgan guruhning 1990, 1996, 1980 va 1981-yillarda tugʻilgan aʼzolari qoʻlga olindi.
Aniqlanishicha, transmilliy jinoiy uyushmaning Oʻzbekistondagi tashkilotchilaridan biri Qirgʻizistonda yashovchi shaxs koʻrsatmasiga asosan mazkur geolokatsiyadan giyohvandlik vositasini olib, boshqa viloyatlarga tarqatishi lozim boʻlgan.
Tezkor tadbir natijasida respublika hududida 94 470 ta bir martalik dozaga teng boʻlgan 9 kilogramm 447 gramm gashish tarqatilishining oldi olindi.
Mazkur holat yuzasidan jinoiy guruhga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi beshinchi qismi (giyohvandlik vositalarini oʻtkazish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda oʻtkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ushbu moddaga muvofiq 10-yildan 20-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.